Toshkent shahrida qalbaki AQSh dollarini 2,5 million so‘mga sotmoqchi bo‘lgan shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda Bosh prokuratura “Daryo”ga xabar qildi.

Qayd etilishicha, Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Bektemir tuman bo‘limi tomonidan DXX va IIV bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro E.G. chet el valyutasining qalbaki ekanligini oldindan bila turib, sotib yuborishni ko‘zlagan.

U fuqaro M.ga qalbaki 400 AQSh dollarini 2,5 million so‘mga sotayotgan vaqtida ushlanib, qalbaki pullar ashyoviy dalil sifatida olingan.

Mazkur holat yuzasidan E.G. va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 176-moddasi 1-qismi (qalbaki pul, aksiz markasi yoki qimmatli qog‘ozlar yasash, ularni o‘tkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.