Maktabgacha ta’lim tashkilotlariga toza suv zaxirasi, tozalovchi va dezinfeksiya vositalari mavjudligini ta’minlagan holdagina ish boshlashiga ruxsat beriladi. MTTlar ochilishi uchun xalq deputatlari Kengashi va sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining ruxsati talab qilinadi. Bu haqda 2020-yil 10-sentabr kuni Maktabgacha ta’lim vazirligida vazir Agrippina Shin xabar qildi.

Foto: “Daryo”

“Maktabgacha ta’lim vazirligi 7-sentabrdan 14-sentabrgacha Toshkent va Toshkent viloyatining tumanlarida bittadan MTTning ochilishini yo‘lga qo‘ydi. MTTlarining faoliyatini faqatgina xalq deputatlari Kengashi hamda sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining ruxsati bilan muayyan MTTga qatnovchi bolaning ota-onasi roziligi bilan amalga oshiriladi.

14-sentabrdan boshlab ushbu jarayon butun respublika bo‘ylab bosqichma-bosqich o‘tkaziladi.

Birinchi o‘rinda, katta va 5-7 yoshli tarbiyalanuvchilar tayyorlov guruhlari ochiladi. O‘rta guruhlarning (4-5 yoshdagi bolalar) ochilishi oktabr oyiga, kichik guruhlarning (3 yoshdagi bolalar) ochilishi noyabr oyiga mo‘ljallangan. Ochilish muddatlari mamlakatdagi epidemiologik vaziyatga qarab o‘zgarishi mumkin. Bundan tashqari, Jahon banki ko‘magida 14 mingta infraqizil kontaktsiz termometrlar sotib olindi. Moslamalarning viloyatlarga yetkazib berilishi va tarqatilishi sentabr oyining ikkinchi yarmida amalga oshirilishi rejalashtirilgan”, – dedi Maktabgacha ta’lim vaziri Agrippina Shin.

Foto: “Daryo”

Xususan, MTMlarning ochilishida tarbiyalanuvchilar va xodimlar xavfsizligini ta’minlash uchun quyidagi chora-tadbirlar ko‘riladi:

  • Kirish joyida to‘planishlarni oldini olish uchun tarbiyalanuvchilar tasdiqlangan jadval asosida kuzatib qo‘yiladi va olib ketiladi. Ularni tarbiyachilar qabul qilib oladi, bola tarafidan bo‘lgan vakillar MTT hududiga kiritilmaydi;
  • Ochiq havodagi mashg‘ulotlar va sayrlar paytida bolalar, tarbiyachilar va ularning yordamchilarining bevosita munosabatiga yo‘l qo‘yilmaydi;
  • Binolarda kuniga 3 marotaba tozalovchi vositalar yordamida suvli va 1 marotaba dezinfeksiya vositalari orqali tozalash ishlari, bundan tashqari, ko‘p muomalaga kirishuvchi yuzalarning 4 karra dezinfeksiyasi amalga oshiriladi.

Tuman hokimiyatlari mahalliy budjet hisobidan:

  • Suv ta’minoti tizimiga ulanmagan va artezian quduqlariga ega bo‘lmagan davlat MTTga uzluksiz suv zaxirasini yetkazib berilishini ta’minlaydi;
  • Davlat MTTlarni dezinfeksiyalash va tozalash vositalari, qo‘llar uchun zaruriy antiseptik vositalar bilan ta’minlaydi.

Maktabgacha ta’lim vaziri Agrippina Shin karantin vaqtida nechta MTMlari va xodimlari faoliyatini to‘xtatganini aytib o‘tdi. Unga ko‘ra, COVID-19 tarqalishining oldini olish maqsadida 2020-yilning 16-mart kuni Maktabgacha ta’lim vazirligi 14 mingta MTTlar, xususan, 6 mingta davlat, 6,7 mingta oilaviy, 753ta xususiy va 692 ta DXSh asosidagi MTTlar faoliyatini to‘xtatgan edi. Xodimlar to‘lanadigan mehnat ta’tiliga yuborildi yoki masofaviy ishlash tartibiga o‘tkazildi. Shu bilan birga, 9 foiz xodimlar o‘z xohishiga ko‘ra haq to‘lanmaydigan ta’tilga chiqishgan.

Foto: “Daryo”

“Shuningdek, bolalarni MTMlariga qabul qilishdagi elektron navbat faoliyati ham 2020-yilning noyabr oyigacha ishlamay turadi. Hozircha barcha harakatlar  MTTga qatnashni boshlagan tarbiyalanuvchilar uchun xavfsiz sharoitlar yaratishga yo‘naltirilgan. Bugungi kunda guruh uchun tavsiya qilingan bolalarning maksimal soni 15 nafarni tashkil etmoqda. Maktabgacha ta’lim muassasalari mutaxassislari pandemiya sharoitida ishlashni o‘rganishlari, vazirlik esa ko‘nikma orttirib, ulardan xulosa chiqarishlari ko‘zda tutilmoqda. Bundan tashqari, avvalroq alohida aytganimday, 3 yoshli bolalar hali ijtimoiy masofa va gigiyena ahamiyatini tushunishmaydi, bu esa ular va atrofidagilar salomatligini xavf ostiga qo‘yishi mumkin”, — deya izoh beradi maktabgacha ta’lim vaziri Agrippina Shin.