IIV huzuridagi Tergov departamenti Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanida sodir bo‘lgan yo‘l transport hodisasining dastlabki tafsilotlarini ma’lum qildi.

Foto: IIV huzuridagi Tergov departamenti

Xabarga ko‘ra 2020-yilning 9-sentabr kuni soat taxminan 18:30 da Sharof Rashidov tumani “Xayrobod” MFY hududidan o‘tgan M-39 avtomobil yo‘lida 2 ta Lacetti hamda KIA yuk mashinasi ishtirokida YTH sodir bo‘lgan.

Toshkent—Samarqand yo‘nalishining 997 kilometrida kelayotgan Lacetti katta tezlikda harakatlanib, shu yo‘nalishdagi boshqa bir Lacetti’ni chap yon tomoniga urilgan va yo‘lni bo‘lib turgan beton to‘siqni buzib o‘tib, qarama-qarshi yo‘nalishdagi KIA rusumli yuk mashinasi bilan to‘qnashgan.

Birlamchi ma’lumotlarga ko‘ra, katta tezlikda harakatlanib kelgan Lacetti mashinasida yong‘in kelib chiqqan. Mashina ichida bo‘lgan haydovchi va bir nafar yo‘lovchi hodisa joyida vafot etgan, qolgan 3 nafar yo‘lovchi tibbiy muassasasiga yotqizilgan. Ikkinchi Lacetti yo‘l chetiga ag‘darilgan, avtomashinada bo‘lgan haydovchi va yo‘lovchiga shikast yetmagan. KIA yuk mashinasining haydovchisi ham tan jarohatlari olmagan.

Foto: IIV huzuridagi Tergov departamenti

Hodisa joyida tergov-tezkor guruhi ishlamoqda. Hodisa yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot beriladi, deyilgan department xabarida.

Jizzax viloyatida inson o‘limi bilan bog‘liq yo‘l transport hodisalari tez-tez sodir bo‘lib turadi. Xususan, 25-avgustda Jizzax viloyatida avtobus va yuk mashinasi ishtirokida yuz bergan yo‘l-transport hodisasi oqibatida yuk mashinasi haydovchisi va uning yo‘lovchisi vafot etgan, 2-sentabr kuni G‘allarol tumanida mototsiklning Spark bilan to‘qnashishi oqibatida 52 yoshli haydovchi halok bo‘lgan, 3-sentabr kuni Jizzax shahri hududidan o‘tuvchi 4R38 Uchtepa—Jizzax—Baxmalsoy avtomobil yo‘lida sodir bo‘lgan YTH oqibatida yo‘lovchilardan biri – 33 yoshli J.I. og‘ir tan jarohatlari olib shifoxonada vafot etgan.