Xitoy, Vyetnam va Osiyo—Tinch okeani mintaqasidagi boshqa davlatlarda koronavirus bilan kasallanish holatlarining ortishiga muzlatilgan mahsulotlar sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Bu haqda Singapur Milliy universiteti professori Deyl Fisher boshchiligidagi tibbiyot xodimlari guruhi tomonidan e’lon qilingan tadqiqot natijalarida so‘z boradi.

Foto: Dela.biz

Tajribalar shuni ko‘rsatganki, koronavirus zarralari muzlatilgan mahsulotlar saqlanadigan va tashiladigan odatdagi harorat hamda davr oralig‘ida yashay oladi.

“Cho‘chqa, tovuq go‘shtlari va forelga qo‘shgan virus zarralarimiz uch hafta davomida o‘lmadi”, — deyiladi maqolada.

Olimlar uch hafta davomida -20 daraja Selsiydan -80 darajagacha bo‘lgan holatda muzlatilgan mahsulot yuzasida virusning qanchasi tirik qolishini kuzatib borgan. Bu vaqtda davomida mahsulotlarni saqlashning barcha sharoitlarida virusning deyarli hamma zarrasi tirik qolgan.

Singapurlik olimlarning hisoblashicha, buni nafaqat oziq-ovqat ishlab chiqaruvchilar, balki nazorat organlari ham hisobga olishi kerak. Amaldorlar virusning muzlatilgan mahsulotlar orqali tarqalishini kuzatuvchi doimiy tartiblarni ishlab chiqishlari lozim bo‘ladi.

Avvalroq Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti koronavirusning oziq-ovqat mahsulotlari orqali tarqalishini isbotlovchi dalillar yo‘qligini ma’lum qilgan edi.