Chikagoda sodir bo‘lgan kuchli shamol oqibatida daraxt 2011-yilda ishlab chiqarilgan Subaru Forester ustiga kelib quladi. Qayta tiklashga yaroqsiz bo‘lgan krossoverni uning egalari tashlab yuborish o‘rniga, art-obyektga aylantirishga qaror qildi, deb xabar beradi Motor.

Foto: BlockClubChicago

Jo Mazrimas va Dayana Levittning so‘zlariga ko‘ra, bo‘ron payti ular kuchli shamol va momaqaldiroq ovozini eshitgan. Biroq noqulay ob-havo sharoiti ularning hayotiga ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi haqida o‘ylab ko‘rmagan. Bo‘rondan so‘ng oynadan tashqariga qaragan er-xotin Subaru Forester tomida ulkan daraxt yotganini ko‘rgan.

Pachoqlangan Forester egalari avtomobilni chiqindiga berib yuborishga qaror qilgan. Biroq sug‘urta kompaniyasi vakilini kutish asnosida ularning miyasida yakson etilgan avtomobilni yodgorlikka aylantirib, qo‘shnilarining ko‘nglini ko‘tarish fikri paydo bo‘lgan. Juftlik uzoq o‘ylanib o‘tirmay, mashinani utilizatsiya qilmasdan, uni “abadiylashtirish”ga qaror qilgan.

Er-xotin avtomobil yoniga QR-kod ham o‘rnatgan bo‘lib, yo‘lovchilar uning yordamida kommunal xizmati xodimlari qulagan daraxtni qay tarzda olib tashlagani tasvirlangan videoni tomosha qilishlari mumkin. Jo va Dayananing o‘zi ko‘cha san’ati namunasini “Bo‘sa” deb nomlagan.