Bugun – Belarusda 9-avgustdan buyon davom etayotgan norozilik namoyishlarining to‘qqizinchi kuni. Bugungi kun qanday kechdi? Quyida shu haqda so‘z yuritamiz.

Foto: Meduza

“Tugatdim, endi ‘ket’ deb baqiraveringlar”

Bugun ham har doimgidek belaruslar erta tongdan namoyishga chiqdi.

Shuningdek, mamlakat prezidenti Aleksandr Lukashenko Minskdagi bir qator zavodlarga tashrif buyurib, u yerdagi ishchilar oldida chiqish qildi.

Dastlab, Minskdagi shatakli traktor zavodiga (MZKT) tashrif buyurgan. Ishchilar uni “Ket!” degan hayqiriqlar bilan kutib oldi. Ishchilar oldida nutq qilgan Lukashenko yangi saylov o‘tkazilmasligini, o‘tkazilsa ham uning o‘limidan so‘ng o‘tkazilishini aytdi.

Mazkur zavoddagi uchrashuvdan so‘ng u mashhur MAZ zavodiga bordi va u yerda ham hokimiyatdan ketmasligini ma’lum qildi. Quyida uning zavodlarda so‘zlagan nutqlaridan ba’zi iqtiboslarni e’tiboringizga havola etamiz.

“Belarus zavodlari ‘ba’zilar adashib yurishganiga qaramay’, ishlamoqda. Xo‘sh, 150-200 kishi ob-havoni o‘zgartira olmaydi. Kim ishlashni xohlamasa va ketishni istasa, marhamat, eshiklar ochiq” (“Ket!”, qichqiradi ishchilar).

“Rahmat, siz yana baqirishingiz mumkin”. “Siz ishchilarsiz, siz doimo prezidentni qo‘llab-quvvatladingiz” (“Yo‘q!”). “Bilasiz, avvalo siz bilasizki...” (“Yolg‘on! Ket!”).

“Siz adolatli saylov o‘tkazishni xohlaysiz, ammo “meni o‘ldirmaguningizcha boshqa saylov bo‘lmaydi”.

“Men bosim ostida biror narsa qilishimni hech qachon kutmang”.

“Agar Belarusda Konstitutsiya o‘zgarsa, men prezidentlik vakolatlarini topshirishga tayyorman, lekin bosim ostida emas”.

“Endi Okrestina ko‘chasidagi izolyatorda kaltaklanganlar haqida: To‘g‘ri. Ammo ular qilmishlariga yarasha, mentlarga tashlanganlari uchun jazolarini oldi”. (“Yo‘qol!” Odamlar hushtak chaladi).

“Rahmat. Men hammasini aytdim”. ‘Yo‘qol!’ deb baqirishingiz mumkin (“Yo‘qol!”).

“Millat lideri bo‘lishga tayyorman”

Bugun Belarusdagi saylovda Aleksandr Lukashenkoning asosiy raqibi bo‘lgan Svetlana Tixanovskaya yana bir videomurojaat yo‘lladi. Unda millat lideri bo‘lishga tayyorligini bildirdi.

Men bu murakkab davrda mamlakat tinchlanishi, normal ritmga tushishi uchun barcha siyosiy mahbuslarni ozod qilishimiz va imkon qadar qisqa vaqt ichida yangi prezident saylovlarini o‘tkazish uchun qonunchilik bazasi va shart-sharoitlarini tayyorlash uchun millat lideri sifatida mas’uliyatni olishga va  bu yo‘lda harakat qilishga tayyorman.

Svetlana Tixanovskaya 

Persona non grata

Yevropa parlamentining yetakchi partiyalari rahbarlari Belarusda yangi prezidentlik saylovini o‘tkazishga, tinch namoyishchilarga qarshi zo‘ravonlik holatlarini tergov qilishga va siyosiy mahbuslarni ozod qilishga chaqirdi. Bu haqda European People’s Party xabar qildi.

Foto: Meduza

“Biz Belarus xalqini jasurligi va qat’iyati uchun olqishlaymiz va ularning demokratik o‘zgarish va ozodlikka bo‘lgan intilishini qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘limizdan kelganini qilamiz. 9-avgust kuni bo‘lib o‘tgan prezident saylovlari na erkin, na adolatli bo‘ldi. Ishonchli hisobotlar Svetlana Tixanovskayaning g‘alabasidan dalolat beradi. Shuning uchun biz Aleksandr Lukashenkoni Belarusning qayta saylangan prezidenti sifatida tan olmaymiz va uni Yevropa Ittifoqida persona non grata deb bilamiz”, — deyiladi tomonlar qo‘shma bayonotida.

Yevropa parlamenti vakillari Rossiya rasmiylarini Belarus ishlariga yashirin yoki oshkora har qanday aralashuvdan tiyilishga chaqirdi, shuningdek, Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlardan Rossiyaning ushbu yo‘nalishdagi har qanday harakatlariga qarshi chiqishni so‘radi.

Elchimizni chaqiramiz

Ukraina Tashqi ishlar vazirligi Minskdagi elchisini maslahat uchun chaqirib oladi. Bu haqda Ukraina TIV rahbari Dmitriy Kuleba ma’lum qildi.

“Biz tarixda birinchi marta Belarus bilan munosabatlarda bunday qadamni qo‘ydik va biz buni Minskning nomaqbul harakatlari tufayli qilyapmiz”, dedi Kuleba.