Birlashgan Arab Amirliklari AQSh vositachiligida Isroil bilan tinchlik bitimini imzolashi ma’lum bo‘lganidan so‘ng Falastin BAAdagi o‘z elchisini chaqirib oldi, deb xabar beradi Wafa axborot agentligi.

Foto: Getty Images

Bu boradagi tegishli ko‘rsatma Falastin prezidenti Mahmud Abbos tomonidan berilgan.

“Falastin milliy ozodlik harakati” (FATX) hamda HAMAS Falastin harakati BAAning Isroil bilan kelishuvini tanqid qilgan. HAMAS vakili Abdullatif ak-Kanuaning ma’lum qilishicha, ushbu kelishuv “Falastin yerini sionistik istilo qilish”ga legitimlik bermaydi. “Istilo Falastin xalqining asosiy dushmaniligicha qoladi va biz o‘z kurashimizni davom ettiramiz”, — deya va’da bergan u.

Al-Jazeera’ning yozishicha, HAMAS matbuot kotibi Xazem Kasem ushbu bitimni “orqadan berilgan xiyonatkor zarba” deb atagan.

Isroil va BAA AQSh prezidenti Donald Tramp administratsiyasi vositachiligida 13-avgust kuni o‘zaro tinchlik bitimini imzoladi. Amirliklar Isroil bilan diplomatik va iqtisodiy munosabatlarni to‘liq barqarorlashtirishga qaror qilgan uchinchi arab davlatiga aylandi.

Eslatib o‘tamiz, yanvar oyining oxirlarida AQSh prezidenti Donald Tramp Oq uyda Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu bilan chiqish qilib, Falastin—Isroil mojarosini barqarorlashtirish bo‘yicha o‘z rejasini taqdim etgandi. Keyinroq Falastin prezidenti  Mahmud Abbos Trampning taklifiga “Quddus sotilmaydi” deya javob qaytargan edi. May oyida esa Mahmud Abbos Falastin AQSh va Isroil bilan barcha kelishuvlardan chiqishini e’lon qilgan.