Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

O‘zbekistonda pandemiya boshlanganidan buyon koronavirusga chalinganlarning qayta kasallanishi holatlari kuzatilmadi. Bu haqda Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasining bosh shifokori, tibbiyot fanlari doktori Muhayyo Asilova ma’lum qildi.

Foto: SSV matbuot xizmati

Foto: SSV matbuot xizmati

“Yuqumli kasalliklar davolanganidan so‘ng organizmda himoya antitanalari ishga tushadi va xuddi shu virus organizmga tushganda bu kasallik sifatida kechmaydi. Shuni ham yoddan chiqarmaslik kerakki, har bir organizm alohida individual. Ayrim insonlarda himoya qilish hujayralari ishlab chiqilmasligi mumkin. Oradan besh oy vaqt o‘tdi, ammo COVID-19’dan zararlangan bemorlar bizga qaytib murojaat qilgani yo‘q”, — degan u Sog‘liqni saqlash vazirligiga bergan intervyusida.

Sog‘liqni saqlash vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi rahbari Furqat Sanayevning bildirishicha, Muhayyo Asilova koronavirus O‘zbekistonga kirib kelgan daqiqalardan buyon o‘z jamoasi bilan kasallik o‘chog‘ida bo‘lib, COVID-19 qayd etilgan birinchi bemorni qabul qilgan.

“O‘zbekistonda koronavirus joriy yil 15-mart kuni ilk bor institutimiz klinikasi laboratoriyasida aniqlandi. Hech esimdan chiqmaydi, o‘sha kuni kechasi soat 3:00 atrofida laboratoriya xodimlari qo‘ng‘iroq qilib, xorijdan kelgan vatandoshimizning natijalari musbat chiqqani haqida xabar berishdi. Ochig‘i, o‘sha kungacha bu ofat bizga yetib kelmasligiga umid bor edi. Darhol shifoxonaga yetib bordim va virus yuqtirgan bemor yotgan palataga kirdim. Uning o‘zi hali koronavirusga chalinganidan bexabar edi. Natija haqida xabar berganimizda, u, tabiiyki tushkunlikka tushdi. ‘Bolalarim endi nima bo‘ladi, pnevmoniyadan o‘lim ketamanmi?’, derdi.

Vaqt yo‘qotishimiz mumkin emasdi. Darhol davolashni boshladik. Jarayon juda tez boshlanib ketdi, lekin bemordan ko‘ra o‘zimda qo‘rquv katta edi. Shunday bo‘lsa-da, davolash choralarini va karantinni to‘g‘ri tashkil qila oldik. Bemorlar oshishini hisobga olib, o‘sha kunning o‘zida barcha xodimlarga bemorlarga sidqidildan xizmat ko‘rsatishimizni aytdim. Shukrki, hech bir xodimim bemorlarga qarashdan bosh tortmadi. Xodimlarimga namuna bo‘lishim uchun ham bemorlar parvarishida o‘zim ishtirok etdim”, — deya ilk bor COVID-19 infeksiyasi qayd etilgan holatni esga olgan shifokor.

Muhayyo Asilova, shuningdek, koronavirusning salbiy asoratlari haqida ham to‘xtalib o‘tgan. “Uning eng katta xavfi o‘pka fibroziga, ya’ni chandig‘iga olib keladi. Havo yetib borish klapanlarini yopadi. Natijada bemor keyinchalik nafas va yurak yetishmovchiligidan aziyat chekadi. O‘pka chandig‘i uzoq yillarda tiklanadi. Gohida bu bir umrlik nogironlikka ham olib kelishi mumkin”, — deydi shifokor.

Uning aytishicha, kasallikning  yengil turini yuqtirganlar 7-8, o‘rta ahvoldagilar 10-12 kun, og‘ir turini boshidan o‘tkazayotganlar esa oylab davolanmoqda. Har bitta bemorga davo choralari ko‘rilganidan keyin koronavirusga test topshiradi. Natija manfiy ko‘rsatsa, shifoxonadan javob beriladi.

“Koronavirusning xavfli ekaniga ishonmayotgan yurtdoshlarimga aytar so‘zim: virus mavjud va u o‘z o‘ljalarini taslim qilmoqda. Ayniqsa, hozirgi koronavirus shtampining og‘ir turi kelmoqda. Ko‘chada niqobsiz va masofa saqlamay yurganlar hayot uchun kurashayotgan bemorlar holatini o‘z ko‘zi bilan ko‘rsa, balki o‘shanda jiddiy qarardi. Ko‘pchilik ‘Qachon virus tugaydi?’, deb so‘rashadi. Agar kasallik zanjirini uzmasak, vaksina ishlab chiqilmaguncha shu hayotda yashaymiz”, — deb ta’kidlagan u.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda koronavirus qayd etilganlar soni 6-avgust, soat 17:00 holatiga ko‘ra 28 315 nafarga yetdi. Ularning 19 291 nafari (68 foiz) sog‘aygan. Yana 8 849 nafar bemorga shifokorlar tomonidan belgilangan standartlar bo‘yicha davo choralari ko‘rilmoqda.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Iqtisodiyot
O‘zbekistonda 2022-yilda o‘rtacha oylik ish haqi qancha bo‘lgani ma’lum qilindi
Sport
Muxlislar “Roma” futbolchisi haqida: “Qo‘rqoqlar va sotqinlar ketishi lozim”
Sport
Karlo Anchelotti: “Barselona”dan 5 ochko ortdamiz, biroq oldinda hali uzoq yo‘l bor