Yevropa Ittifoqining yalpi ichki mahsuloti (YaIM) 2020-yilning ikkinchi choragida o‘tgan chorakka nisbatan 11,9 foizga va o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 14,4 foizga pasaydi. Bu haqda Yevropa statistika agentligi – Eurostat’ga tayanib, “RBK” ma’lum qildi.

Foto: Reuters

Yevro pul birligi amal qiladigan hududlarda YaIM 12,1-15 foizga pasaygan. Bu Yevropa Ittifoqi va yevro hududi yalpi ichki mahsulotining 1995-yildan beri kuzatilgan eng katta pasayish ekani ma’lum qilingan.

Yevro hududi iqtisodiyoti 2019-yil oxiridan boshlab pasaya boshlagan. 2019-yilning to‘rtinchi choragida yalpi ichki mahsuloti nol o‘sishni ko‘rsatdi va 2020-yilning birinchi choragida u 3,6 foizga pasaydi.

Yevropa iqtisodiyoti koronavirus pandemiyasi tufayli Amerikadan ko‘ra ko‘proq zarar ko‘rdi. Ikkinchi chorakda AQSh yalpi ichki mahsuloti o‘tgan chorakka nisbatan 9,5 foizga pasaydi, deb xabar beradi AQSh Savdo vazirligi.

Yilning birinchi choragida yevro hududining yalpi ichki mahsuloti 2,9 trillion yevrodan oshdi, Yevropa Ittifoqida bu ko‘rsatkich 3,4 trillion yevroga teng bo‘ldi.

Yevropa komissiyasining iyul oyidagi prognoziga ko‘ra, butun 2020-yil davomida Yevropa Ittifoqining yalpi ichki mahsuloti 8,3 foizga tushdi. Prognoz karantin cheklovlari asta-sekin olib tashlanadi va pandemiyaning ikkinchi to‘lqini sodir bo‘lmaydi, degan taxminga asoslangan.

Yevro hududidagi eng yirik iqtisodiyotga ega davlat – Germaniyaning YaIMi ikkinchi chorakda oldingisiga nisbatan 10,1 foizga pasaygan. Bu bilan Germaniya yalpi ichki mahsuloti 2011-yil darajasiga tushib ketgan.

Fransiya yalpi ichki mahsuloti o‘tgan chorakka nisbatan 13,8 foizga kamaygan. Bu Ikkinchi jahon urushidan beri YaIMning rekord darajadagi pasayishi hisoblanadi.

Ispaniya yalpi ichki mahsuloti eng ko‘p zarar ko‘rgani aytilmoqda. Mamlakat YaIMi o‘tgan chorakka nisbatan 18,5 foizga tushgan. Bu bilan Ispaniya iqtisodiyoti 2002-yil darajasiga qaytib qolgan.

Italiya iqtisodiyoti bu chorakda 12,4 foizga qisqargan. Italiya uchun bu so‘nggi o‘n yillikdagi to‘rtinchi pasayish. Financial Times ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakat YaIMning so‘nggi bor bunday darajasi 1990-yillarning boshlarida bo‘lgan.

Shu oyda Yevropa rahbarlari 750 milliard yevro miqdoridagi fondni tashkil qilishga kelishib oldilar va bu fondlar og‘ir zararli iqtisodiyotlarni tiklashni moliyalashtiradi.