Rozetta toshi tarix, tilshunoslik sohalarida muhim arxeologik topilma hisoblanadi. U o‘tmishning buyuk sirlarini ochishda va Qadimgi Misr tilini, yozuvini hamda madaniyatini o‘rganishda muhim rol o‘ynadi. Misr madaniyati esa insoniyatning eng qadimgi sivilizatsiyalaridan bo‘lib, bugungi madaniyat, bugungi dunyo qanday shakllanganini o‘rganishda katta ahamiyatga ega. Biz bugun ishlatayotgan ko‘plab kashfiyotlar Misr madaniyatiga borib taqaladi. Ularni o‘rganish bugungi madaniyatimizni, turmush tarzini tushunishga yordam beradi. Shulardan biri yozuvdir. Misr eng qadimgi yozuv madaniyati markazlaridan biri hisoblanadi.
Misr yozuvlarini o‘qishda eng muhim ahamiyatga ega bo‘lgan, Misr tilining kaliti bo‘lgan sirli Rozetta toshi bundan 221 yil oldin 2-avgustda topilgan. “Daryo” Rozetta toshi topilgan sana munosabati bilan qiziqarli faktlar haqida ma’lumot beradi.
Rozetta toshi 1799-yilda Misrda, Aleksandriyadan uzoq bo‘lmagan Rozetta (hozirgi ar-Rashid) shahri yaqinida, afsonalarga ko‘ra Fransiya imperatori Napoleonning mamlakatni bosib olishga qodir bo‘lmagan harbiy ekspeditsiyasi tomonidan topilgan. Napoleon qadimiy qadriyatlarga qiziqib qolgan, ammo bu tasodifiy topilma edi. Uning askarlari Misrni bosib olish uchun rejalashtirilgan urinish uchun toshlarni talon-toroj qildi.
1798–1799-yillari Napoleon Banopart Misrga ekspeditsiya uyushtirdi. Ana shu ekspeditsiya davrida jahon ahamiyatiga molik voqea ro‘y berdi.
1799-yil 2-avgustda fransuzlar inglizlarning dengiz tomonidan bo‘layotgan hujumini daf etib, sohilni qo‘lda saqlab qoldi. Rozettadan yetti mil narida ar-Rashid qal’asini himoya qilayotgan askarlar handak qaziyotib, allaqanday yozuvlar bitilgan qop-qora toshni topib oldi. Ma’lumki, Napoleon armiyasida birmuncha ma’lumotli kishilar to‘plangan edi. Silliqlangan bu qora bazalt tosh ustiga yozuvlar bitilgan bo‘lib, ularning uch tilda yozilganini zobitlar bir nazar tashlashdayoq fahmlab oldi.
Yuqoridagi yozuv iyeroglifdan iborat. Ancha yaxshi saqlangan o‘rtadagi yozuvni ofitserlar suryoniy yozuviga o‘xshatdi (lekin bu yozuv misr demotik yozuvi namunasi bo‘lib chiqdi). Pastki yozuvning eski usuldagi harflar yunon harflar bilan yozilgan yunon xati ekanini zobitlar o‘sha zahotiyoq aniqladi.
Olimlarning orzulari ushaldi. Axir ular iyerogliflarni o‘qishga uzoq yillar urindi va nihoyat yozuvni tushunish yo‘li topilsagina bu sohada muvaffaqiyatga qozonish mumkin, degan xulosaga keldilar. Rozetta toshi dastlab Qohiraga jo‘natildi, keyinchalik Misrda Fransiyaning mag‘lubiyatidan keyin Britaniya muzeyiga kelib qolgan.
Qadimgi zamonlarda Misrdan Rimga sirtiga iyerogliflar chizilgan yodgorlik toshlar olib kelishgan. XVII asrda olim Afanasiy Kirxer ana shu toshlarni o‘rganishga kirishgan. U qanchalik urinmasin, Misr iyerogliflarini o‘qiy olmaydi va qadimgi Misr tilidan kelib chiqqan kopt tilini bilmasdan turib iyerogliflarni o‘qib bo‘lmaydi degan xulosa chiqardi.
Rozetta toshi topilgandan keyin fransuz sharqshunosi Silvestr de Sasi bu yozuvlar ustida juda ko‘p bosh qotirdi. U dastlab demotik matnni chuqur o‘rganib chiqib, yunoncha tekstdagi Ptolomey Epifan, Aleksandr va boshqa ismlariga to‘g‘ri keladigan belgi guruhlari borligini aniqlagan. Lekin u iyerogliflarni o‘qiy olmagan va oshkora suratda “muammo nihoyatda chigal va uni ilmiy jihatdan yechib bo‘lmaydi” degan edi.
Lekin u o‘z tahlillarini shved arxeologi, kelt tilini bilimdoni David Okerbladga jo‘natdi. U demotik matnni yunonlarga oid qismidagi barcha atoqli otlarni mustaqil ravishda tanib bilish va o‘qishga muyassar bo‘ldi, shu bilan birga ayrim misr tiliga oid so‘zlarni (“ibodatxona”, “yunonlar” va boshqalarni) ham o‘qiy oldi. Biroq Sasi ham, Okerblad ham misr tilida unli tovushlar tushib qolishini hisobga olmagan.
Shundan keyin Misr yozuvini o‘qishni ingliz olimi Tomas Yung davom ettirdi. U demotik yozuv iyerogliflarning yoziladigan varianti ekanini isbotlab berdi. Yung iyerogliflar jumbog‘ni demotik yozuv yordamida yechish mumkin, degan xulosaga keldi va 70 dan ortiq iyeroglif yoki iyeroglif guruhlarining ma’nosini aniqlashga muvaffaq bo‘ldi. U matndan Ptolomey va Berenikalarning ismlarini izlab topdi.
Lekin olim demotik yozuvda ham, iyeroglifda ham fonetik belgi bo‘lmagan degan noto‘g‘ri yo‘lga tushib qoldi va ishini oxiriga yetkaza olmadi. Keyinchalik Misr iyerogliflarini o‘qib chiqish fransuz olimi Jan Fransua Shampolyonga nasib bo‘ldi. U uzoq izlanishlardan keyin 1821-yil 23-dekabrda ayni tug‘ilgan kuni olimning miyasiga Rozetta toshidagi iyeroglif belgilari bilan yunoncha matndagi so‘zlarni sanab chiqish fikri keladi. Yosh olim uzoq izlanishlardan keyin Misrda uchinchi yozuv tizimi – iyeratik yozuv ham bo‘lganini isbotladi. Bungacha olimlar Misrda ikki xil yozuv bo‘lgan deb hisoblab kelar edi.
Yosh olim iyerogliflarni sanab ko‘rib hayratda qoldi: 486 ta yunoncha so‘zga 1 419 ta iyeroglif to‘g‘ri keldi. Iyeroglif yozuvida esa 166 ta belgi. Ana shundan keyin Shampolyon iyerogliflar faqat belgi so‘zlardangina, ideogrammalargina bo‘lmay, ular tovush ekaniga ishonch hosil qildi.
U ishni boshlab yubordi. Dastlab matndagi podsho Ptolomey Epifan nomini o‘qidi. Toshda podsho ismi hoshiya ichiga olingan bir necha belgidan iborat edi. Bu yerda sakkizta belgi bo‘lib, unda podsho ismi yozilgan edi. Lekin bunga dalil kerak edi. O‘sha yillari topilgan “Fale yodgorligi” degan osori atiqa topilib, unda ikki xil – iyeroglif va yunoncha yozuv yozilgan edi.
Olim yunoncha matndagi Kleopatra so‘zini o‘qib, buni malika nomi ekanini isbotladi. Olim yana Aleksandr so‘zini o‘qish orqali iyerogliflar ro‘yxatiga “N” va “S” tovushlarini qo‘shdi. Malika Berenika ismini o‘qigach, iyeroglif alifbosiga “B” tovushi ham qo‘shildi. Uzoq izlanishlardan keyin Shampolyon 24 tovushni bemalol o‘qiydigan bo‘ldi. Keyinchalik olim toshdan Ramzes, Tutmos, fir’avn so‘zlarini o‘qishga muvaffaq bo‘ldi.
Shampolyonning buyuk kashfiyotidan so‘ng ilm-fanga Misr yozuvida bitilgan minglab qadimiy yozma manbalar ochildi. Ularning bari birma-bir o‘qib chiqildi. Qadimgi Misrning o‘ziga xos va buyuk madaniyati va tarixi o‘rganildi. Uning bahonasida esa jahon sivilizatsiyasi, yozuvi, musiqasi, adabiyoti, tibbiyoti, matematikasi ildizlari oshkor bo‘ldi – bari Qadimgi Misrga borib taqalar ekan.
1802-yildan beri Rozetta toshi Britaniya muzeyida saqlanib kelindi.
Izoh (0)