Prezident Shavkat Mirziyoyev 1-avgust kuni Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi raisi, O‘zbekiston Qahramoni Musa Yerniyazov xotirasiga bag‘ishlangan ta’ziya marosimlarida ishtirok etish uchun Nukus shahriga jo‘nab ketdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi raisi, senator, O‘zbekiston qahramoni Musa Yerniyazov 31-iyul kuni vafot etgan edi.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi (O‘zSSV) ma’lumotlariga ko‘ra, Yerniyazovda 24-iyun kuni koronavirus infeksiyasi aniqlangan; Qoraqalpog‘iston Sog‘liqni saqlash vazirligi (QQR SSV)ning ma’lum qilishicha, Yerniyazov 30-iyun kuni akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Nukus filialiga yotqizilgan.

Yerniyazovning koronavirusga chalingani 18-iyul kuni rasman e’lon qilingan, ahvoli barqaror ekani aytilgan edi (bungacha Qoraqalpog‘iston rahbariyati Yerniyazovning betobligi, kasallikdan davolanayotgani haqidagi xabarlarni muntazam rad etib kelgan). 30-iyul kuni Yerniyazovning ahvoli og‘ir deb baholanayotgani, u sun’iy nafas olish apparatiga ulangani ma’lum qilingan edi. QQR SSV axborotiga ko‘ra, Yerniyazov o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligi, o‘tkir respirator distress sindromidan, O‘zSSV axborotiga ko‘ra o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgan.