Bugungi kunda Xitoy har taraflama, ayniqsa iqtisodiyoti bilan tez sur’atlarda rivojlanib bormoqda. Mamlakat armiyasi ham kuchayib bormoqda. U dunyoning eng qudratli armiyasiga aylanishi va jahon siyosatida muhim ‘orin tutishi kutilmoqda. 1-avgust esa Xitoy xalq ozodlik armiyasi tashkil etilgan kun. “Daryo” armiyaning tarixi, tarkibi va bugungi kundagi ahamiyati haqida ma’lumot beradi. 

Foto: Google Photos

Xitoyning jadal ravishda kuchayishi va asta-sekin mintaqaviy yetakchidan global miqyosdagi katta kuchga aylanishi, so‘nggi o‘n yilliklardagi diqqatga sazovor geosiyosiy tendensiyalardan biri bo‘ldi. Bugun XXR dunyoda ikkinchi iqtisodiyotga ega va u bilan o‘sishda davom etmoqda, hozirda dunyo YaIM o‘sishining uchdan bir qismidan ko‘prog‘i Xitoy ulushidir. Ammo bugun diqqat markazimizda Xitoy armiyasi.

Mamlakat qurolli kuchlarining rasmiy nomi – Xitoy xalq ozodlik armiyasi (XXOA) bo‘lib, u fuqarolar urushi davrida 1927-yil 1-avgustda tashkil etilgan, ammo bu nom Ikkinchi jahon urushi tugaganidan biroz keyinroq berilgan. Bugungi kunda XXOA dunyodagi eng kuchli armiyalardan biri hisoblanadi, mutaxassislar uni dunyo mamlakatlari qurolli kuchlari reytingida ikkinchi yoki uchinchi o‘rinlarga qo‘yadi.

Mamlakat konstitutsiyasiga muvofiq, XXR armiyasi hukumatga yoki Kommunistik partiyaning rahbariyatiga bo‘ysunmaydi, balki maxsus organ – Markaziy harbiy kengashga bo‘ysunadi. Markaziy harbiy kengash raisi esa hokimiyat ierarxiyasining muhim qismlaridan biri hisoblanadi.

2013-yilga kelib, XXOAning soni ikki million 250 ming kishini tashkil etdi (boshqa manbalarga ko‘ra 2,6 million). 2016-yilga kelib, XXR qurolli kuchlari 300 ming kishiga qisqarishi haqida e’lon qilindi. Ushbu rejalar amalga oshirilgandan so‘ng, Xitoy armiyasi tarkibida ikki millionga yaqin harbiy qoldi. Xitoy armiyasi muddatli harbiy xizmatga chaqiruv asosiga qurilgan, 18 yoshga to‘lgan erkaklar harbiy xizmatga chaqiriladi va 50 yoshga qadar zaxirada qoladi.

Foto: Google Photos

Xitoy mudofaa ehtiyojlari uchun sarf-xarajatlarni ko‘paytirishda davom etmoqda: agar 2000-yillarning boshlarida armiya va harbiy-sanoat kompleksiga 17 milliard dollar sarflangan bo‘lsa, 2013-yilga kelib bu raqam 188 milliard dollarga yetdi (YaIMning ikki foizi). Harbiy xarajatlar bo‘yicha XXR Rossiyani ortda qoldirib, ikkinchi o‘ringa chiqib oldi, ammo XXR armiya va harbiy komplekslar uchun AQShdan uch baravar kam miqdorda mablag‘ sarflaydi.

Xitoy mudofaa sanoatining ulkan yutuqlarini ham ta’kidlab o‘tish joiz. Hozir “Made in China” so‘zi arzon, sifatsiz va qalbaki narsa bilan sinonim bo‘lgan vaqtlarni unutish mumkin. Bugungi kunda XXR deyarli barcha turdagi qurol va o‘q-dorilarni o‘zi ishlab chiqaradi. Agar ilgari Xitoy asosan Sovet Ittifoqi va Rossiya qurollarini nusxalagan bo‘lsa, bugungi kunda Xitoy mudofaa sanoati AQSh, Yevropa va Isroil kabi texnologik jihatdan eng ilg‘or qurollarga taqlid qilishga harakat qilmoqda.XXR asta-sekin arzon va yuqori sifatli qurol-aslahalar ishlab chiqarish orqali jahon qurol bozorida ham kuchli o‘yinchiga aylanmoqda.

XXOA tarixi

Aslida, Xitoy qurolli kuchlarining tarixi to‘rt ming yildan oshadi. Biroq XXRning hozirgi zamonaviy armiyasi mamlakatda 1920–1930-yillarda sodir bo‘lgan fuqarolar urushi paytida paydo bo‘lgan kommunist qurolli guruhlarining merosxo‘ridir. 1927-yil 1-avgustda Nanchan shahrida qo‘zg‘olon boshlangan, ushbu qo‘zg‘olon davomida Xitoyning bo‘lg‘usi rahbari Mao Szedun boshchiligida Qizil Armiya tashkil qilingan.

Xitoy Qizil Armiyasi Gomindan qurolli kuchlariga qarshi, keyinchalik, yapon bosqinchilariga qarshi kurashdi. Ikkinchi jahon urushi tugaganidan keyingina ushbu qurolli kuchlar XXOA nomini oldi.

Hozirgi vaqtda XXOA tarkibida besh turdagi jangovar quroli kuchlar mavjud:

  • Quruqlik qo‘shinlari;
  • Harbiy-dengiz floti;
  • Harbiy havo kuchlari;
  • Strategik ahamiyatga ega raketa kuchlari;
  • Strategik qo‘llab-quvvatlash qo‘shinlari.

Foto: Google Photos

XXRning quruqlikdagi qo‘shinlari

Xitoy dunyodagi eng katta quruqlik qo‘shinlari armiyasiga ega. Mutaxassislar uning sonini 1,6 million kishidan iborat deb hisoblaydi. Ta’kidlash joizki, joriy XXOA da amalga oshirilgan harbiy islohotlar, quruqlikdagi kuchlarning sezilarli qisqarishini ta’minladi. Hozirgi vaqtda Xitoy divizion armiya tizimidan ko‘ra yanada moslashuvchan bo‘lgan brigada tizimiga o‘tishda davom etmoqda.Quruqlikdagi kuchlarning zaxiradagi askarlari soni taxminan 500 ming kishiga teng. Xitoy armiyasining kamida 40 foiz qismi mexanizatsiyalashgan va zirhlangan.

Xitoy quruqlik qo‘shinlaridagi asosiy muammolaridan biri – o‘tgan asrning oxirida Sovet Ittifoqi modellari asosida ishlab chiqarilgan va hozirda eskirgan uskunalar va qurollarning sonidir. Biroq bu masala asta-sekin hal qilinmoqda va qo‘shinlar zamonaviy qurol turlari bilan ta’minlanmoqda.

Harbiy havo kuchlari

XXR harbiy havo kuchlari son jihatdan dunyoda AQSh va Rossiyadan keying uchinchi o‘rinda turadi (390 ming kishi). Havo kuchlari 24 ta diviziyadan iborat. XXOA havo kuchlari har xil turdagi to‘rt mingga yaqin jangovar samolyotlar bilan qurollangan, shuningdek, ushbu kuchlar tarkibida yuzdan ortiq jangovar vertolyotlar mavjud.

Xitoy harbiy havo kuchlarining ham asosiy muammosi ularning tarkibida juda ko‘p eskirgan Sovet transport vositalarining (MiG-21, MiG-19, Tu-16 va Il-28 analoglari) ishlatilishidir. O‘tgan asrning oxiriga kelib, XXR havo kuchlarini jiddiy modernizatsiya qilish boshlandi. Xitoy Rossiyadan o‘nlab eng yangi Su-27 va Su-30 samolyotlarini sotib oldi. Keyin ushbu mashinalarni litsenziya asosida o‘zida ishlab chiqara boshladi.

So‘nggi o‘n yillikning o‘rtalaridan boshlab, Xitoy o‘zining beshinchi avlodga mansub bo‘lgan J-31 va J-20 qiruvchi samolyotlarini ishlab chiqarmoqda. J-20 qiruvchi samolyoti 2018-yilning kuzida ommaga namoyish etilgan edi. Xitoy rahbariyatining rejalarida nafaqat o‘z havo kuchlarini ushbu mashinalar bilan jihozlash, balki ularni eksportga ham faol yetkazib berish aks etgan.

Xitoy dengiz floti

Xitoyda90-yillarning boshlariga qadar harbiy dengiz kuchlarining rivojlanishiga bo‘lgan e’tibor juda kam edi. Qo‘shinlarning bu turi yordamchi deb hisoblanardi, ammo keyinchalik bu boradagi vaziyat keskin o‘zgardi. XXR rahbariyati dengiz flotining muhimligini tushundi va uni modernizatsiya qilish uchun mablag‘ni ayamadi.

Foto: Google Photos

Ayni paytda Xitoy harbiy-dengiz kuchlarining soni 255 ming kishini tashkil etadi (boshqa manbalarga ko‘ra – 290 ming). Harbiy dengiz floti uchta flotga bo‘lingan: janubiy, shimoliy va sharqiy dengizlar. Flot kemalar, suvosti kemalari, dengiz aviatsiyasi bilan qurollangan, shuningdek, dengiz piyoda qo‘shinlari va qirg‘oq mudofaa qo‘shinlari ham mavjud.

2013-yilda XXOA genshtab boshlig‘i zamonaviy Xitoy uchun asosiy tahdidlar dengizdan kelishni ta’kidlab, shuning uchun dengiz flotini rivojlantirish ustuvor vazifa ekanini aytib o‘tgan.

Strategik ahamiyatga ega raketa kuchlari

Harbiy islohotlar boshlanishidan oldin Xitoyning strategik ahamiyatga ega raketa kuchlari Ikkinchi artilleriya korpusi deb nomlangan va faqat 2016-yildagina ular yangi maqomga ega bo‘lgan. Ularning soni 100 ming kishiga yaqin. Xitoy ega bo‘lgan yadro qurollarining soni ko‘plab savollarni tug‘diradi. Mutaxassislar ularning sonini 100 tadan 650 donagacha baholaydi, ammo bir necha o‘n yilliklar ichida XXR bir necha ming yadro qurollarini ishlab chiqishi mumkin edi, degan fikrlar ham bor.

Amerikaliklarning fikricha, Xitoy 2020-yilga kelib, yangi avlod qurollari bilan jihozlangan 200 ga yaqin QBR (qit’alararo ballistik raketa) yaratishga qodir. Dongfeng-31 (11 ming km) va Dongfeng-41 (14 ming km) kabi Xitoyning yangi raketa tizimlari haqida alohida to‘xtalib o‘tish kerak (Dōng fēng dǎo dàn – Sharq shamoli raketasi).

Foto: Google Photos

Strategik qo‘llab-quvvatlash qo‘shinlari

Bu 2016-yil 31-dekabrda paydo bo‘lgan Xitoy armiyasining eng yosh bo‘linmasidir. Strategik qo‘llab-quvvatlash qo‘shinlarining aniq maqsad va vazifalari to‘g‘risida ma’lumotlar juda kam. Ular asosan razvedka, axborot urushi, kiber hujumlar va radioelektron qarshiliklar bilan shug‘ullanishlari ma’lum qilingan.

Ta’kidlash joizki, turli manbalarda Xitoyning haqiqiy harbiy kuchini baholashlar bir-biridan juda katta farq qiladi. Butun dunyoni egallab olishga qodir bo‘lgan “ajdar tahdidi” haqidagi vahimali materiallardan tortib, Xitoy harbiy-sanoat kompleksi rivojlanayotganini ochiqchasiga rad qiluvchilargacha. Shunday bo‘lsa-da, aksariyat ekspertlar so‘nggi yillarda Xitoy harbiy rahbariyati erishgan yutuqlarni tan oladi.

Nurbek Alimov tayyorladi.