Yerga 5-avgust kuni hajmi 84 metrdan 190 metrgacha bo‘lgan 2009 PQ1 asteroidi yaqinlashadi. Bu haqda NASA bo‘linmalaridan birining veb-saytida xabar berildi.

Foto: “Latestly.com”

Ta’kidlanishicha, asteroidning sayyoraga yaqinlashadigan minimal masofasi Yer va Oy orasidagi masofadan yetti marta katta. U Toshkent vaqti bilan soat 21:35 da Yerga eng yaqin masofagacha yaqinlashadi.

Asteroid 2009-yil 14-avgustda aniqlangan. U parvoz yo‘li Yer orbitasini kesib o‘tgan “Apollon” asteroidlar guruhiga tegishli. Keyingi safar 2009 PQ1 asteroidi 2137-yilda sayyoraga yaqinlashadi.

Shuningdek, AQSh departamenti 2021-yil yozida Yerga yaqinlashadigan juft asteroidning yo‘nalishini o‘zgartirish uchun maxsus missiyani tayyorlayotganligi haqida xabar berdi. NASA’ning ta’kidlashicha, DART missiyasi namoyish xarakteriga ega, chunki samoviy jism Yerga tahdid solmaydi, ammo bu o‘quv hujumlari uchun yaxshi nishon bo‘lishi mumkin.

Avval ham Yerga kattaligi futbol maydoniga teng asteroid yaqinlashishi haqida xabar berilgan edi. Uning eng minimal masofasi Yer va Oy o‘rtasidagi masofadan 13 marta katta edi.