Senator Robaxon Mahmudova Oliy sud raisining birinchi o‘rinbosari — jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi lavozimini egallagani haqida avvalroq “Daryo” o‘z manbalariga tayanib xabar bergandi. O‘zbekiston Senatining tegishli qarori 13-iyul kuni qabul qilindi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Robaxon Mahmudova.

Foto: “Daryo”

Senat qaroriga ko‘ra, Robaxon Mahmudova 10 yil muddatga Oliy sud raisining birinchi o‘rinbosari lavozimiga saylandi. Shu munosabat bilan u O‘zbekiston Senatining Fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi lavozimidan ozod etildi.

Robaxon Mahmudova 2020-yilning yanvarida Farg‘ona viloyatidan senator etib saylangan, keyinroq O‘zbekiston Senatining Fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi lavozimiga saylangandi. 2020-yil mart oyida “Fidokorona mehnatlari uchun” ordeni bilan taqdirlangan.

Robaxon Mahmudova 1968-yili Farg‘onada tug‘ilgan. U mehnat faoliyatini quyi sudlardan boshlab, Oliy sud sudyasigacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tgan, Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyat sudi raisi vazifasida ishlagan. 2020-yil yanvarigacha Farg‘ona viloyati Xalq qabulxonasi mudiri lavozimida faoliyat ko‘rsatgan.