Birlashgan Millatlar Tashkilotining Xavfsizlik kengashi tashkilot bosh kotibi Antoniu Guterrishning koronavirus pandemiyasi fonida dunyodagi barcha nizolarda o‘t ochishni to‘xtatish haqidagi chaqiruvini qo‘llab-quvvatladi. Tegishli rezolyutsiya 1-iyul kuni qabul qilindi. Bu haqda BMTning yangiliklar markazi xabar berdi.

Foto: “RIA Novosti”

Rezolyutsiyada aytilishicha, zo‘ravonlik pandemiyani kuchaytirishi mumkin, bu esa o‘z navbatida urushlarning oqibatlarini og‘irlashtiradi. Xavfsizlik kengashi barcha nizolar ishtirokchilariga murojaat qildi hamda harbiy harakatlarni to‘xtatishni va insonparvarlik yordamini xavfsiz yetkazib berish uchun “kamida ketma-ket 90 kun barqaror insonparvarlik tanaffusini” ta’minlashni so‘ragan.

Bunda o‘t ochishni to‘xtatish IShID, “Al-Qoida”, “Jibhat an-Nusra” va boshqa terrorchilik tashkilotlariga qarshi amalga oshiriladigan harbiy operatsiyalarga taalluqli bo‘lmaydi. Ma’lum qilinishicha, rezolyutsiya bir ovozdan qabul qilingan.

Antoniu Guterrish 23-mart kuni butun dunyoda o‘chishni to‘xtatishga chaqirgan. Biroq Xavfsizlik kengashi rezolyutsiyani shakllantirish masalasida kelisha olmagan. Vaziyat hujjatning yangi talqini bilan hal qilindi. Unda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ham eslab o‘tilgan.

Avvalroq Saudiya boshliq koalitsiya Yamanga aviazarbalar bergani haqida xabar qilingandi. Misr prezidenti esa mamlakat harbiylarini Liviyaga bostirib kirishga tayyor turishga chaqirgandi.