Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti COVID-19’ning kelib chiqishini tergov qilish maqsadida Xitoyga o‘z guruhini yuboradi. Bu haqda 29-iyun kuni o‘tkazilgan brifingda JSST rahbari Tedros Gebreyesus ma’lum qildi, deb xabar beradi “Korrespondent.net”.

Foto: China Daily

“Biz virus haqida barcha ma’lumotdan, xususan, pandemiya qanday boshlangani to‘g‘risida boxabar bo‘lsak, unga qarshi yaxshiroq kurasha olamiz”, — deydi tashkilot bosh direktori.

Gebreyesusning so‘zlariga ko‘ra, JSST guruhi Xitoyga keyingi hafta yo‘l oladi.

Jons Hopkins universitetining so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda koronavirus bilan kasallanganlar soni 10,2 milliondan oshgan bo‘lib, hozirga qadar 504 mingdan ortiq bemor COVID-19 qurboniga aylangan.

Avvalroq JSST rahbari koronavirus pandemiyasi tugamayotgani, aksincha tezlashayotganini ma’lum qilgandi. Tashkilot hisobotiga ko‘ra, 18-iyundan boshlab har kuni koronavirusga chalinish bo‘yicha 150 mingdan ortiq holat qayd etilmoqda. 28-iyun kuni dunyoda 178 ming kishi ushbu kasallikka chalingani aniqlangan. Koronavirusga chalinganlarning eng ko‘pi AQSh, Braziliya, Rossiya, Hindiston va Buyuk Britaniya davlatlariga to‘g‘ri kelmoqda.