O‘zbekistonda 29-iyun kuni koronavirusga chalingan 70 nafar bemor tuzalib, mamlakatda tuzalganlarning umumiy soni 5500 nafarga yaqinlashdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.

Avvalroq mamlakatda 97 kishi koronavirusdan sog‘ayib, uyiga kuzatilgani haqida xabar berilgandi.

Ma’lum qilinishicha, Toshkent shahridagi Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasida 17 nafar, Toshkent shahar 1-son klinik shifoxonasida 19 nafar, shahar 3-son tug‘ruq majmuasida 4 nafar, Buxoro viloyatida 12 nafar, Namangan viloyatida 11 nafar, Samarqand viloyatida 7 nafar, jami 70 nafar koronavirus infeksiyasiga chalingan bemor sog‘aydi.

Shu tariqa, ayni paytgacha Toshkent shahri va viloyatida koronavirus infeksiyasidan 3234 nafar bemor sog‘aydi.

Buxoro viloyatida esa COVID-19’dan tuzalganlarning soni 490 nafarga yetdi.

Namangan viloyatida koronavirusdan sog‘ayganlar soni 281 nafarni tashkil qilmoqda.

Samarqand viloyatida esa jami 393 kishi koronavirus kasalligidan forig‘ bo‘ldi.

Shunday qilib, 29-iyun kuni O‘zbekistonda 167 nafar koronavirus infeksiyasiga chalingan bemor tuzalib, hozirda mamlakat bo‘ylab sog‘ayganlar soni 5496 nafarni tashkil etmoqda.

O‘zbekistonda 29-iyun soat 17:00 holatiga ko‘ra, 168 kishida koronavirus aniqlandi. Yangi holatlardan so‘ng koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 8199 nafarga yetdi. 15-martdan buyon koronavirus asoratlaridan 23 kishi vafot etgan.