Nukus shahri 30-iyundan boshlab “qizil” toifaga kirgan hududlar qatoriga kirishi mumkin. Bu haqda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining axborot xizmati xabar qildi.

Foto: “Daryo”

Qoraqalpog‘iston Respublikasining ma’muriy markazida bir qator cheklovlar qayta joriy qilinib, karantin choralari kuchaytiriladi.

Xususan, jamoat transporti, buyum bozorlari, kafe va restoranlar, sartaroshxonalar, avtomaktablar faoliyati vaqtincha to‘xtatiladi.

28-iyun kuni Qoraqalpog‘istonda aholi orasida yangi kasallanish holatlari aniqlangandi. Epidemiya boshlanganidan beri Qoraqalpog‘istonda jami 151 ta holat qayd etilgan, 141 nafar bemor koronavirus infeksiyasidan tuzalgandi. Ayni vaqtda 10 nafar bemor kasalxonalarda davolanishni davom ettirmoqda.

O‘zbekistondagi tuman va shaharlar epidemiologik toifalarining yangilangan ro‘yxatida Nukus shahri “sariq” hudud sifatida belgilangan.