Qirg‘iziston Respublikasi prezidenti devonining 8 nafar xodimi koronavirus infeksiyasi aniqlanganidan keyin barcha xodimlar sinovlardan o‘tdi. Bu haqda devon rasmiy saytida ma’lum qilindi.
Tahlil natijalariga ko‘ra, yana 9 xodim, shu jumladan, devon rahbari Dosali Esenaliyevda ham koronavirus infeksiyasi mavjudligi tasdiqlandi.
Prezident devonining koronavirusga chalingan xodimlarining umumiy soni bugungi kunda 17 kishini tashkil etmoqda.
Ularning barchasi uyda izolyatsiya qilingan, tibbiy yordam oladi va masofadan turib ishlashni davom ettiradi. Kasallikning borishi hamma uchun har xil kechmoqda. Aksar bemorlarning ahvoli qoniqarli deb baholanmoqda.
Avvalroq, 24 -iyun kuni Rossiya poytaxti Moskvada bo‘lib o‘tgan Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaning 75 yilligiga bag‘ishlangan harbiy paradga tashrif chog‘ida Qirg‘iziston delegatsiyasida koronavirus aniqlangan edi. Shu sababli mamlakat prezidenti So‘ronboy Jeenbekov harbiy paradda ishtirok etmadi.
Shundan so‘ng prezident Jeenbekov 3 kun davomida o‘zini izolyatsiya qilishi ma’lum bo‘ldi.
Izoh (0)