Daryo

Shavkat Mirziyoyev G‘alaba paradida ishtirok etish uchun Moskvaga jo‘nab ketdi

23-iyun kunining ikkinchi yarmida oliy darajada ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazilishi rejalashtirilgan

1 daqiqa o‘qish50 234 ko‘rishlar0 izoh0
Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya prezidenti Vladimir Putinning taklifiga binoan amaliy tashrif bilan Moskvaga jo‘nab ketdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Ma’lum qilinishicha, 23-iyun kunining ikkinchi yarmida oliy darajada ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. O‘zbekiston—Rossiya strategik sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlarining dolzarb masalalari ko‘rib chiqiladi.

24-iyun kuni Shavkat Mirziyoyev fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaning 75 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbirlarda ishtirok etadi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Shavkat Mirziyoyevning Moskvaga borishi haqida avvalroq ma’lum qilingandi. Shuningdek, mazkur paradda o‘zbekistonlik harbiylar ham ishtirok etadi.

Eslatib o‘tamiz, Vladimir Putin koronavirus tarqalishi bilan bog‘liq vaziyat sabab 9-mayda o‘tishi lozim bo‘lgan G‘alaba paradining o‘tkazilishini kechiktirgan, biroq tadbirlarning qaysi sanada o‘tishiga aniqlik kiritmagandi. Keyinroq Putin paradning 24-iyun kuni o‘tkazilishini ma’lum qildi.

Vladimir Putin Moskvada o‘tadigan G‘alaba paradiga barcha MDH davlatlari rahbarlarini taklif qilgan. Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev, Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan mamlakatlaridagi epidemiologik vaziyat tufayli, Turkmaniston prezident Gurbanguli Berdimuhamedov 29-iyunda 63 yosh — Payg‘ambar yoshiga to‘lishi sabab tantanali tadbirlarga bora olmasligini e’lon qilgan. Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev esa koronavirus yuqtirib olgan va u ham Moskvaga bormaydi.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar