O‘zbekistondagi faoliyatini davom ettirayotgan barcha bozorlar sanitariya-epidemiologik tadbirlarini, shu jumladan, dezinfeksiya ishlarini amalga oshirish uchun har haftada bir marotaba yopilishi belgilandi. Bu haqda Koronavirus Info kanali xabar bermoqda.

Foto: “Daryo”

Shuningdek, supermarket va boshqa yirik do‘konlarda sanitariya-epidemiologik nazorat kuchaytirilmoqda, ushbu obyektlarning kirish-chiqish joylarini pirometrlar va antiseptik vositalar bilan jihozlash, har bir fuqaroning tana haroratini o‘lchab, 37 daraja va undan yuqori bo‘lgan yoxud infeksiya alomatlari mavjud bo‘lgan holatda ushbu majmualarga kiritmaslik, ijtimoiy masofani saqlash, tibbiy niqobda bo‘lish talablari belgilanmoqda.

Fuqarolarning sog‘lig‘ini himoya qilish va xavfsizligini ta’minlash maqsadida supermarket va boshqa yirik do‘konlarga kirishda ularni bepul qo‘lqop bilan ta’minlash nazarda tutilmoqda.

Avvalroq Respublika maxsus komissiyasi qaroriga muvofiq, Toshkentda koronavirus aniqlangan “qizil” hududlarda blokpostlar tiklanishi, O‘zbekistonga xorijdan kelgan fuqarolar 14 kunlik karantinni o‘z hisobidan mehmonxonada o‘tkazish imkoniyati yaratilishi xabar qilingandi.