Surxondaryo viloyati Denov tumani hokimi Baxtiyor Ibatov 21-iyun kuni tuman aholisiga murojaat qilib, tumanning bir fuqarosi 20-iyun kuni koronavirusdan vafot etganini ma’lum qildi. Bu haqda “Kun.uz” xabar berdi.
Tuman hokimi o‘z murojaatida bir fuqaroning koronavirusdan vafot etganini ma’lum qilib, denovliklarni koronavirus infeksiyasidan saqlanish uchun o‘rnatilgan talablarga rioya qilishga chaqirgan.
Hokimning aytishicha, koronavirusdan vafot etgan marhum bilan muloqotda bo‘lgan 187 nafar fuqaro karantinga olingan. Ularning 6 nafarida COVID-19 kasalligi aniqlangan, yana bir necha fuqaro kasallikda gumon qilinmoqda.
“Kun.uz”ning yozishicha, ushbu videolavha Denov tumani hokimligining Telegram’dagi kanalida e’lon qilinib, so‘ngra o‘chirib tashlangan.
Nashr mazkur masala yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirining matbuot kotibi, jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi rahbari Furqat Sanayev bilan bog‘langan. Vazirlik vakili esa bu ma’lumotni tasdiqlamagan.
O‘zbekistonda koronavirus bilan bog‘liq hozircha so‘nggi bo‘lib turgan 19-o‘lim holati 10-iyun kuni qayd etilgandi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi 20 va 21-iyun kunlari Surxondaryo viloyatida koronavirusga chalinish bo‘yicha yangi holatlar aniqlangani haqida xabar bermagan. Vazirlik Surxondaryoda koronavirus aniqlangani haqida so‘nggi marta 17-iyun kuni xabar bergandi.
Avvalroq Kitob tumanida koronavirus bilan kasallanganlik bo‘yicha gumonlangan fuqaro vafot etgandi. Sog‘liqni saqlash vazirligi esa vafot etgan fuqaroning o‘limiga koronavirus sabab bo‘lmaganini ma’lum qilgandi. Mazkur fuqaroning o‘limidan so‘ng Kitob tumani hududi to‘liq karantinga yopilgandi.
Izoh (0)