1815-yilning 18-iyun kuni Fransiya imperatori Napoleon Bonapart qo‘shinlari va inglizlar, niderlandlar hamda prussiyaliklardan iborat koalitsiyaga qo‘mondonlik qilgan graf Vellington qo‘shinlari o‘rtasida tarixga Vaterloo jangi nomi bilan kirgan mashhur jang bo‘lib o‘tadi. Bu imperatorning faoliyatidagi so‘nggi jang edi. Ushbu jangga bugun roppa-rosa 205 yil to‘ldi. “Daryo” sana munosabati bilan an’anaviy tarix ruknida jang tafsilotlari haqida hikoya qiladi.

Foto: Wikipedia

Tarixiy sharoit

Napoleonning Rossiya va Germaniyadagi mag‘lubiyatidan keyin 1814-yilda Buyuk Britaniya, Rossiya, Prussiya qirolligi va Avstriya imperiyalaridan iborat koalitsiya tuzildi va uning oldiga Napoleon hukmronligiga barham berish vazifasi qo‘yildi. Napoleonning tajribasiz yoshlardan tuzilgan armiyasi bilan qo‘lga kiritgan qator g‘alabalariga qaramasdan, 31-mart kuni Parij taslim bo‘ldi va generallar Napoleondan taxtdan voz kechishni talab qildi. Shunday sharoitda 6-aprel kuni u taxtdan voz kechgani haqidagi qarorni imzoladi. 11-aprelda Fontenbloda imzolangan shartnomaga muvofiq u O‘rta Yer dengizidagi Elba oroliga faqatgina shu orolda hukm yuritish huquqi va imperator nomini saqlagan holda surgun qilindi. Mamlakatda Lui XVIII hokimiyatni qo‘lga oldi.

Ammo 1815-yilning mart oyida imperator Parijga qaytib keldi. Lui XVIII qochib ketdi va Napoleon 20-mart kuni Tuelri saroyini egalladi. Bu kun imperatorning “Yuz kunlik” hukmronligining boshlanishi edi. Napoleon tashqi siyosat borasida tinchlik tarafdori ekanini e’lon qildi, ammo unga qarshi ittifoqchilar uning qaytishidan xursand emas edi. Ana shunday sharoitda ular Venada yig‘ildi va Napoleonga qarshi kurashni qayta boshlash haqida kelishib oldi. Shunday qilib ingliz, nemis, niderland, prussiyaliklardan iborat guruhlar Belgiyaga yuborila boshlandi.

Keyinchalik ularga avstriyaliklar va ruslar yordamga kelishi kerak edi. Napoleon esa tezlik bilan g‘alaba qozonish maqsadida iyun oyida Belgiyaga qarab yurdi. Bu paytda esa graf Vellington boshchiligidagi inglizlar va niderlandlardan iborat qo‘shin Vaterloo yaqinida turgan edi. Ularga yordamga prussiyaliklarning general Blusher boshchiligidagi qo‘shini kelishi kerak edi. Napoleon ularning o‘zaro birlashmasliklariga erishish maqsadida zudlik bilan hujum qilishni maqsad qildi.

15-iyun kuni prussiyaliklarga zarbalar berib, ularni chekinishga majbur qildi. Shu kuni uning generallaridan 6-bo‘linma qo‘mondoni Lui de Burmont o‘z joyini tark etdi. U bilan birga bir nechta zobitlar ham jang maydonini tark etdi. Napoleon o‘zining “Muqaddas Yelena xotiralari”da uni jang rejalarini dushmanga sotganlikda ayblaydi. Aslida esa ular jang maydonini tark etganida hali biror-bir topshiriq olmagan edi. Vellington 20 yildan so‘ng undan hech qanday ma’lumot olmaganini aytadi.

Foto: Wikipedia

16-iyun kuni imperator qo‘shini ikki qanotga bo‘linib, Vellingtonning Quatre-Brasdagi va prussiyaliklarning Lignydagi bo‘linmalariga hujum qiladi. Bu strategiya bilan Napoleon dastlab prussiyaliklarni tabiiy chegaralargacha haydab borish, keyin esa ingliz-niderland birliklarini dengizgacha surib borishni maqsad qiladi. Shuning uchun Blusherga qarshi o‘zi yuradi. Lignyda ularning 12 ming odamini qirib tashlaydi. Fransuzlar tomonidan esa yetti ming qurbon beriladi. Inglizlarga qarshi marshal Ney vaqtni o‘tkazib yuborgani uchun yutqazadi.

Blusher asirga tushib qolishdan zo‘rg‘a qochib qutuladi. Prussiyaliklar va Napoleon qo‘shini o‘rtasidagi hal qiluvchi jang Vavreda bo‘lib o‘tadi. Prussiya armiyasi chekinishga majbur qilinadi, ammo g‘alaba qozonilmaydi. Ular Vellingtonga qo‘shilish uchun chekinadi. Napoleon esa 17-aprelga kelibgina general Grushini ularni ta’qib qilishga yuboradi. Prussiyaliklarning zarbaga uchraganini eshitgan Vellington Quatre-Brasdagi qo‘shinini Blusher bilan birlashish kerak bo‘lgan Mont Saynt Jen degan joyga chaqiradi. Napoleon esa Neyga kelib qo‘shiladi.

Shunday qilib, ikki qo‘shin Vaterloo yaqiniga kelib to‘xtadi.

Armiya tarkibi va strategiyalar: Ittifoqchilar qo‘shini

“Ittifoqchilar armiyasi” deb nomlangan Vellington qo‘shini 68 ming kishini tashkil qilgan. Uning tarkibiga 25 ming britaniyaliklar, 17 ming niderlandlar, 10 ming gannoverliklar, yetti ming brunsvikliklar, olti ming ta King’s German Legion askarlari, uch ming nassauliklar kirgan edi. Shuningdek, Ispaniya va Rossiya kampaniyalarida Katta Armiya (Napoleon armiyasi) safida jang qilgan bir nechta generallar ham, jumladan, generallar Shasse, Trip va Van Merlenlar ittifoqchilar qo‘shini safida turib, imperatorga qarshi jang qildi.

Vellington o‘z qo‘shinlarini, asosan, himoyaga asoslangan taktikaga moslab joylashtirdi. Qo‘shin Mont Saynt Jen tekisligidan joy oldi. Uchta ferma istehkomga aylantirildi. (Thierry Lentz, Waterloo, 1815, Perrin, 2015, p. 188.). Qo‘shinlar shunday joylashtirildiki, prussiyaliklarning sharq tomondan kelib qo‘shilishini osonlashtirish va dengizga chekinadigan yo‘lni himoya qilish maqsadida asosiy kuch g‘arb tomonga qaratildi. Vellington himoyadan turib jang qilishga usta edi. Napoleon qanchalik kuchli strategiyaga ega bo‘lsa, Vellington shunchalik kuchli himoyachi va yaxshi strategiyali ham edi. Aynan mana shunday xislatlari va prussiyaliklarniing kelishi keyinchalik jang taqdirini hal qiladi.

Foto: Wikipedia

Napoleon qo‘shini

18-iyun kuni erta tongda 74 ming kishilik Napoleon armiyasi tekislikning janub tarafiga saf tortdi. Uning tarkibi quyidagicha edi:

  • yo‘lning g‘arb tarafida — general Reillening 20 ming odami, ularning oldidan Kellermanning 3 400 otliq kavaleriyasi hamda 2 100 kishilik Guyot qo‘mondonligidagi imperiya gvardiyasining og‘ir kavaleriyasi;
  • uo‘lning sharq tomonida — Druet d’Erlonning 20 ming askari va ularning oldida Milhaudning 2 700 kishilik otliq kavaleriyasi va imperiya gvardiyasining Lefebr-Desnuet qo‘mondonligidagi ikki ming yengil kavaleriyasi;
  • orqada esa Lobauning 10 ming odami, Domon va Subervining har birining 1 200 kishilik kavaleriya qismlari va gvardiyaning 9 ming piyoda askarlar birikmalari joy oldi

Napoleon qo‘shini son jihatdan bir oz ustun edi, ammo uning artilleriyasi ancha ko‘p bo‘lib, aynan shunga ishonib u tonggi yig‘ilish paytida “Bugun kechqurun Brusselda tunaymiz”, deb aytgan edi (Jacques Bainville, Napoléon, Gallimard, 2005, p. 547).

Napoleonning rejasiga ko‘ra, asosiy hujumni sharqda va o‘rtada olib borish edi. Shuning uchun u I korpus oldidan 80 ta yirik to‘plarni joylashtirdi. Vellington zaxiralarini g‘arb tomonga jalb qilish uchun ukasi Jeromga chalg‘ituvchi hujumlar qilishni topshirdi.

Tuni bilan yomg‘ir yog‘gani uchun jang maydoni loy bo‘lib ketgan edi va bu artilleriyani harakatlantirishga qiyinchilik tug‘dirdi. Hujum boshlash kechikdi, natijada to‘plarning effektivligi pasayib ketdi. Piyodalar va otliqlarning harakatlanishi ham qiyinlashdi.

Jangning borishi

Napoleon erta tongda hujum qilishni reja qilgan edi. Ammo tuni bilan yog‘gan yomg‘ir uning rejalarini puchga chiqardi va u quyosh chiqib yerni quritishini kutib turishga majbur bo‘ldi. Chunki loy yerda otlar artilleriyani tortib borishi qiyinlashar va piyoda hamda otliqlarning harakatchanligiga jiddiy zarar berardi. Jang 11:30 da imperatorning ukasi Jerom tomonidan inglizlarga qarata hujumlar berish bilan boshlandi. Hugumont fermasiga joylashgan nassauliklarga qarshi sakkiz ming kishilik qo‘shin hujum qilishiga qaramasdan, uni egallashga muvaffaq bo‘linmadi. Fransuzlarning barcha hujumi qaytarildi.

Foto: Wikipedia

Tushdan keyin soat 13:00 da fransuzlarning 1 400 metr uzunlikda joylashtirilgan 80 to‘pi yarim soat tinmasdan o‘q uzdi. Natijada platoning noqulay qismida joylashgan ikkita ingliz-niderland brigadasi jiddiy zarar ko‘rdi, ammo asosiy qism tepalikning orqa qismida panada bo‘lgani uchun ularga zarar yetmadi. Shundan so‘ng general d’Erlonning har biri to‘rt ming kishilik mushketlar bilan qurollangan o‘qchilar brigadasidan tuzilgan to‘rtta batalyoni tartib bilan ittifoqchilar qo‘shinlariga qarab yurdi. Ular uchta fermaga joylashib olgan ittifoqchilar qo‘shiniga qarshi zarbalar berib, ularni egallashi lozim edi.

Bir qator hujumlardan so‘ng plato bo‘ylab ilgarilagan fransuzlar tepalik orqasida turgan pistirmaga duch keldi va katta yo‘qotishga uchradi. Og‘ir yo‘qotishlarga qaramasdan, inglizlar bu safar ham mudofaada muvaffaqiyatga erishdi.

15:00 da qayta tiklangan 1-korpus va bir nechta yangi to‘plar tayyorlanganidan keyin Haye Sainte fermasiga qayta hujum qilindi. Fermani 450 nafar King’s German Legion o‘qchilari himoya qilishayotgan edi. Bu safargi hujumda fransuzlar kavaleriyasi qatnashdi. Fransuzlar kavaleriyasiga qarshi Vellington kvadrat usulidagi himoya taktikasini qo‘lladi va har bir kvadrat ichiga to‘plarni joylashtirib ulardan yaqinlashayotgan fransuzlarga qarata o‘q otishni buyurdi. Ushbu epizod mashhur fransuz adibi Viktor Gyugoning “Xo‘rlanganlar” asarida badiiylashtirildi (Yves Vander Cruysen, Waterloo démythifié !, Éditions Jourdan, 2014). Umumiy hisobda Kellerman, Guyot, Lefebr-Desnuetlarning 10 ming kavaleriyasi sakkiz yuz metr uzunlikda Ittifoqchilar markaziga qarshi jang qilayotgan edi.

Napoleon sharqiy qanotni ham unutmadi va u tarafdan kelishi mumkin bo‘lgan prussiyaliklarga qarshi turish uchun Domon va Subervie kavaleriyalari va Lobauning VI korpusini joylashtirdi. 16:30 da prussiyaliklarning IV diviziyasi Plansenuada fransuz armiyasiga qarshi hujumga o‘tdi va Napoleon armiyasining o‘ng qanoti qaqshatqich zarbaga uchradi. 18:00 ga yaqin Plansenua nemislar qo‘liga o‘tdi va Lobau korpusi chekinishga majbur bo‘ldi. Shundan so‘ng Napoleonning Yoshlar gvardiyasi qishloqni qaytarish uchun hujumga o‘tdi. Ammo bu safar ham prussiyaliklarning kuchli zarbasiga chidash berolmadi. Biroq 19:00 ga yaqin Veteranlar gvardiyasi yordamida qishloq egallandi. O‘n qanot vaqtincha tiklandi.

Markazda esa jang qattiq ketardi. 18:30 ga borib nihoyat Haye Sainte fermasi fransuzlar tomonidan egallandi. Ney Britaniya pozitsiyalarini egallash maqsadida to‘plarni ilgari surdi va Napoleondan qo‘shimcha madad istadi. Ammo prussiyaliklar xavfi tufayli imperator buni rad etdi.

Sharqiy tarafdan prussiyaliklarning himoyasiga erishgan Vellington zaxira kuchlarni markazga tashlashga qaror qildi. Napoleon ham gvardiyani markazga yo‘naltirdi. Ammo juda kech edi. Granatachilar va yengil piyodalar Vellingtonning kavaleriyasi, artilleriyasi va piyodalariga qarshi hech narsa qila olishmadi. Gvardiya chekindi va bu armiyaning qolgan qismida ham tartibsizlik keltirib chiqardi. Napoleon o‘rta gvardiyani jangga tashlayotgan paytda Vellingtonga fransuz kapitani Barel ismli shaxs gvardiya hujumi, Napoleoning hujum rejalari haqida ma’lumot yetkazdi va uni ogohlantirdi.

Foto: Wikipedia

22:00 da Vellington va Blusher Belle Alliance (Ajoyib ittifoq) fermasida uchrashdi. Ularning bu yerda uchrashishlari ko‘pchilik tomonidan keyinchalik taqdirning bir belgisi sifatida qaraldi. Napoleon jang maydonidan qochdi, jangda horigan Vellington uni ta’qib etishni prussiyaliklarga qoldirdi va qarorgohiga qaytib jang haqida hisobot tayyorladi va jangni u bo‘lib o‘tgan yer nomi bilan Vaterloo jangi deb nomladi.

Yo‘qotishlar

Jangdagi qurbonlar turli manbalarda turlicha beriladi. Belgiyalik tarixchi Jak Loji bergan ma’lumotlarga ko‘ra, shu kuni jang maydonida 9 500 (4 500 ittifoqchilar, besh ming fransuzlar) askar halok bo‘lgan, 30 ming nafari jarohatlangan, to‘rt ming kishi bedarak yo‘qolgan. Sakkiz mingdan 10 minggacha fransuz askari asir olingan (Jacques Logie, Waterloo: La campagne de 1815, Racine, 2003, p. 153.).

To‘rt kun davom etgan Belgiya kampaniyasi davomida jami fransuz armiyasi safida 11 500 ta askar, jumladan, 14 ta general halok bo‘lgan va 34 mingga yaqin askar jarohatlangan. Ittifoqchilar safida esa Vellington armiyasida 5 260, jumladan, beshta general, Blusher armiyasida 6 900 kishi halok bo‘lgan. Jarohatlanganlar 14 500 va 17 000 ni tashkil qilgan. (Par Thierry Lentz, Waterloo, 1815, Perin, 2015, p. 281.). Shuningdek, jang maydonlarida 12 ming ot o‘lgan. Bir necha kungina davom etgan Belgiya yurishidagi ushbu yo‘qotishlar Fransiya inqilobi va imperiyaning eng halokatli yo‘qotishlari bo‘lib, bir necha oylar davom etgan Rossiya va Germaniya yurishlaridan ham o‘tib ketgan.

Xulosa o‘rnida

Ushbu jang yuqorida aytganimizdek, Napoleon faoliyatidagi so‘nggisi bo‘ldi va ushbu mag‘lubiyat ortidan uning “Yuz kunlik” hukmronligiga barham berildi va u Atlantika okeani janubidagi Yevropadan ancha uzoq bo‘lgan Muqaddas Yelena oroliga surgun qilindi.

20-noyabrda imzolangan Parij shartnomasiga muvofiq, Fransiya 150 ming kishilik xalqaro armiya tomonidan okkupatsiya qilindi va besh yil davomida ularni ta’minlash vazifasi Fransiyaga yuklatildi. Shuningdek, urush xarajatlarini qoplash uchun 700 million frank to‘lov yuklatildi (Alfred Colling, La Prodigieuse Histoire de la Bourse, 1949, p188).

Jang bilan bog‘liq qiziq ma’lumot: shu kuni Vaterlooda o‘lgan 10 ming jasaddan yig‘ib olingan tishlar bir necha yil davomida stomatologiyadagi tish protezlari savdosida ishlatildi. Ushbu voqea tarixda “Vaterloo tishi” (Waterloo teeth) nomini oldi.

Napoleon mag‘lubiyatining bir nechta sabablari mavjud bo‘lib, ularning zamirida taktik jihatdan xatoliklar yotadi. Shuningdek, ayrimlar uning jang kuni juda qattiq kasal bo‘lgani, kuchli og‘riqlar iskanjasida qolgani sababli shifokorlar unga juda kuchli og‘riq qoldiruvchi dorilar bergani uchun fikrlarini jamlay olmagan, degan fikrni ham ilgari suradi.

Shunday qilib, Vaterlooda deyarli uch qit’ani qo‘l ostida birlashtirgan fransuzlarning buyuk imperatorining imperatorlik va sarkardalik faoliyatiga nuqta qo‘yildi. Keyinchalik 1821-yilning 5-may kuni olis Muqaddas Yelena orolida imperator kasallikdan vafot etdi.

Jahongir Ostonov tayyorladi.