Metrolardagi umumiy ventilyatsiya tizimi koronavirus infeksiyasi tarqalish xavfini oshirishi sababli ularning harakatlanishiga ruxsat berilmadi. Bu haqda Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi bosh inspektori Nurmat Otabekov AOKA huzuridagi shtabda o‘tkazilgan brifing davomida ma’lum qildi.

Foto: “Daryo”

Kelib tushgan savollar qatorida “Nima sababdan avtobuslarga ruxsat berildi-yu, metroga esa yo‘q?” savoliga Nurmat Otabekov quyidagicha javob qaytardi: “Metroga ruxsat berilmaganiga sabab — metroda havo tozalash tizimi umumiy. Shunday ekan, havodagi koronavirus qo‘zg‘atuvchisi butun metro harakati yo‘nalishidagi stansiyalarni barchasiga tarqalishi ehtimoli borligi nuqtayi nazaridan hozircha bunga ruxsat yo‘q”.

Shu bilan birga, ta’kidlanishicha, bu masala kelgusida yana ko‘rib chiqilishi mumkin.

Avvalroq 15-iyundan o‘zbekistonliklarga o‘qishi va ishini davom ettirish uchun chet elga aviaqatnovlar orqali chiqishga ruxsat berilgani, mamlakatda “qizil”, “sariq” va “yashil” toifadagi hududlar ro‘yxati yangilangani to‘g‘risida xabar berilgandi.

Eslatib o‘tamiz, Respublika maxsus komissiyasining qaroriga muvofiq, “qizil”, “sariq” va “yashil” hududlarga ajratish tartibi, shuningdek, kuchaytirilgan sanitariya-gigiyena nazorati 2020-yilning 1-avgustiga qadar saqlab qolinadi.