Toshkentning Amir Temur xiyoboni, Buxoro va Nuroniylar ko‘chalari oralig‘ida joylashgan gazetalar ishlab chiqarish majmuasi binosi qismi hamda Buxoro ko‘chasi, 10-uy manzilidagi sobiq Sverdlov nomidagi konsert zali (birja binosi) asosiy faoliyat turi makaron mahsulotlari va shunga o‘xshash unli mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘lgan Forsa Barsa kompaniyasiga tanlovsiz, to‘g‘ridan to‘g‘ri nol qiymatda taqdim etilayotgani haqida xabarlar tarqalgandi. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bu xabarlar asossiz ekanligini ma’lum qildi.

Toshkentning Buxoro ko‘chasi, 10-uy manzilidagi bino.

Xarita: “Yandeks. Xarita”

Qayd etilishicha, O‘zbekistonda mavjud amaldagi qonunchilik bo‘yicha davlat aktivlarini auksion, tanlov, birja savdolari kabi ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan. Ayrim obyektlar uni tezroq ishga tushirish, loyihani ijtimoiy ahamiyatidan kelib chiqib, faqatgina O‘zbekiston Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining qarorlariga asosan istisno tariqasida to‘g‘ridan to‘g‘ri sotilishi mumkin.

Lekin ular umumiy sotilayotgan obyektlar soniga nisbatan juda ham kam miqdorni tashkil etishi, ular uzoq yillar davomida faoliyat ko‘rsatmay kelayotgan yoki bo‘sh turgan korxona va obyektlar ekanligi ta’kidlangan.

Toshkent shahri Amir Temur xiyoboni Buxoro va Nuroniylar ko‘chalari kesishuvida joylashgan gazetalar ishlab chiqarish majmuasining bo‘sh turgan binolar qismi hamda Buxoro ko‘chasi, 10-uy manzilida joylashgan sobiq Sverdlov nomidagi konsert zali binolari esa foydalanilmay, eski ko‘rinishga kelib qolgan va shahar ko‘rkini buzib turgan binolar hisoblanadi.

Agentlikka aynan ushbu obyektlarga Forsa Barsa tomonidan 5 yil muddat ichida 15 million dollar miqdorida investitsiya kiritish, ularni to‘liq rekonstruksiya qilish majburiyatini olgan holda obyektlar negizida gastrol-konsert faoliyatini tashkil etish va kamida 150 ta yangi ish o‘rnini yaratish sharti bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri sotib olish bo‘yicha murojaat kelib tushgan. Lekin bu takliflar rad etilgan.

“Ushbu obyektlar ommaviy savdolar orqali sotiladi va eng yaxshi taklif bergan investor unga ega bo‘ladi”, — deyiladi agentlik bayonotida.