KXDR hukumati 9-iyun Toshkent vaqti bilan soat 09:00 dan boshlab Janubiy Koreya bilan mavjud barcha aloqa kanallarini to‘xtatdi. Bu haqda Koreya markaziy telegraf agentligiga tayanib, Yonhap xabar berdi.

Foto: Reuters

“Bu Janubiy Koreya bilan mavjud barcha aloqalarni to‘liq yo‘q qilish va boshqa keraksiz harakatlarni to‘xtatish to‘g‘risidagi qarorlar ro‘yxatida birinchi qadam bo‘ladi”, — deyiladi KXDR bayonotida.

Mazkur bayonotdan so‘ng, Pxenyan Seulning rasmiy telefon qo‘ng‘iroqlariga javob bermay qo‘ygan. Shimoliy Koreyaga hatto harbiy aloqa liniyalari orqali ham qo‘ng‘iroq qilishning imkoni bo‘lmagan. Bundan tashqari, ikki Koreya birlashgan ishlari bo‘yicha vazirligi ham aloqani o‘rnata olmagani aytilmoqda.

Ta’kidlanishicha, KXDR Seul bilan barcha aloqa liniyalarini Pxenyanga qarshi yuborilgan tashviqot varaqalari sabab bloklagan.

Uzoq yillar davomida ishlamagan aloqa liniyalari 2018-yilda qayta tiklangan edi. Shundan so‘ng, mamlakatlar kuniga ikki marotaba o‘zaro qo‘ng‘iroqlashib turgan.

Avvalroq KXDR Keson shahridagi Koreyalararo aloqa ofisiga Janubiy Koreya vakillari tomonidan amalga oshirilgan telefon qo‘ng‘iroqlariga javob qaytarmay qo‘ygani haqida xabar berilgandi.