Madagaskar ta’lim vaziri Ridzasoa Andriamanana maktab o‘quvchilari uchun 2 million dollardan ortiq pulga obakidandonlar sotib olish taklifini bildirgani sabab ishdan olindi. Bu haqda 5-iyun kuni BBC News xabar berdi.
Unga ko‘ra, bolalar ushbu shirinliklar bilan koronavirusni davolashda tavsiya etilgan shuvoqli achchiq COVID-Organics damlamasini yeyishi kerak bo‘lgan. Vazir o‘z hisob-kitobiga ko‘ra, har bir o‘quvchiga 3 tadan obakidandon kerakligini ta’kidlagan. Vazirning bu taklifi mamlakat prezidenti Andri Radzuelinga yoqmadi va uni ishdan oldi.Shu bilan birga, damlama hali testdan o‘tkazilmagan, JSST ham uning koronavirusni tuzatishga yodam berishini isbotlovchi dalillar yo‘qligini bildirgan.
Madagaskar milliy tibbiyot akademiyasi ham COVID-Organics’ning inson salomatligiga zararli bo‘lishi mumkinligini ta’kidlab, uning samaradorligini shubha ostiga oldi. Biroq prezident bu e’tirozlarga qaramay, undan foydalanishni qo‘llab-quvvatlamoqda.
Ma’lumot uchun, Madagaskarda koronavirusga chalinish bo‘yicha 975 ta holat qayd etilgan, bemorlarning 7 nafari vafot etgan.