Transport vazirligi eksportyor korxonalarni qo‘llab-quvvatlash, ularga shart-sharoit yaratib berish maqsadida UZ-Segong va XinFergana korxonalari tomonidan eksport uchun tayyorlangan 50 tonna gilos mahsuloti 1-iyun kuni Farg‘ona xalqaro aeroportidan Koreyaning Seul xalqaro aeroportiga to‘g‘ridan to‘g‘ri yetkazilishi ta’minlangani haqida xabar qildi.

Foto: Transport vazirligi

Xabarga ko‘ra, Farg‘ona viloyatidan xorijga ho‘l mevalar eksporti bilan shug‘ullanayotgan RTL logistics, UZ-Segong, XinFergana korxonalari tomonidan bo‘lgan murojaatlar va ushbu korxonalarning faoliyati Transport vazirligining aeroportlarni rivojlantirish va yerusti ta’minoti boshqarmasi mutaxassislari tomonidan atroflicha o‘rganib chiqilgan. Shuningdek, eksportyor korxonalar vakillari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ho‘l mevalarni Farg‘ona viloyatidan Qamchiq dovoni orqali Toshkent xalqaro aeroportiga yuk mashinalarida yetkazib borish jarayonidagi qiyinchiliklar, qolaversa, ushbu jarayon transport xarajatlarining ortib ketishiga, bu esa o‘z navbatida eksportga yuborilayotgan mahsulotlar narxining ko‘tarilishiga sabab bo‘layotgani tufayli ushbu hududning o‘zidan yuk aviaqatnovlarini tashkil etish masalasi o‘rganilgan.

Foto: Transport vazirligi

Mazkur jarayonni muvaffaqiyatli amalga oshirish maqsadida Namangan xalqaro aeroportidan havo kemasiga yuklarni ortish uchun ishlatiladigan maxsus texnika vositalari (Triple) hamda Toshkent xalqaro aeroportidan esa maxsus yevropaddonlar Farg‘ona xalqaro aeroportiga olib kelingan. Samolyot yetib kelguniga qadar esa aeroportning yuk tashuvlari bo‘limi xodimlariga maxsus texnikadan foydalanish va yuklarni ortish mashg‘ulotlari o‘tkazilgan.

Foto: Transport vazirligi

Barcha tashkiliy masalalar muvaffaqiyatli amalga oshirilib, 50 tonna gilos mahsulotini Seul shahriga yuborish amaliyoti omadli yakunlangan. Eksport bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarning viloyatlararo yuk tashish borasida yuzaga kelayotgan muammolarini bartaraf etish va xorijga to‘g‘ridan to‘g‘ri Farg‘ona xalqaro aeroportidan yuklarni yuborish imkoni yaratildi, deyilgan xabarda.

Foto: Transport vazirligi

Farg‘ona xalqaro aeroportidan yuklarni xorijga yuborish amaliyoti 17 yil avval to‘xtatilgan edi.

Avval Farg‘onadan Janubiy Koreyaga yuk samolyotida gilos yuborilgani va qarama-qarshi yo‘nalishda Toshkentga Seuldan koronavirusga qarshi kurashda foydalanish uchun insonparvarlik yordami jo‘natilgani xabar qilingandi.