28-may kuni Shavkat Mirziyoyev tomonidan o‘tkazilgan iqtisodiyotda raqobat muhitini ta’minlash va iste’molchilar huquqini himoya qilish borasidagi ustuvor vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda korxonalarning monopol mavqeyini aniqlash bo‘yicha yondashuvlarni qayta ko‘rib chiqish, monopol tovarlar ro‘yxatini keskin qisqartirishga qaratilgan “yo‘l xaritasi” tasdiqlash vazifasi belgilandi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar qilgan.

Foto: Prezident matbuot xizmati

“Dunyo tajribasini o‘rganib, o‘z yo‘limizni topishimiz zarur. Monopoliyadan chiqarish, raqobatni ta’minlash, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha yakdil yo‘nalishimiz bo‘lishi kerak”, – deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat ishtirokidagi korxonalarda monopoliyaga qarshi kompleks tizimini joriy etish, Jahon banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan barcha rahbarlarni raqobat asoslari va komplayens bo‘yicha o‘qitish muhimligi ta’kidlandi.

“Qachon raqobatga tayyor bo‘lamiz? Soha va tarmoqlarimiz tayyor bo‘lsa. Sohalar qachon tayyor bo‘ladi? Mutaxassislar bo‘lsa. Eng zaif joyimiz — malakali mutaxassislar yetishmaydi, texnologiya yo‘q, standartlar yo‘q. Shuning uchun bu sohani deyarli boshidan boshlashimiz kerak”, – dedi Prezident.

Shuningdek, yig‘ilishda raqobatni rivojlantirish va monopoliyaga qarshi kurashish borasida mutlaqo yangi tizim yaratish lozimligi ta’kidlandi. Oliy ta’lim tizimida raqobatni rivojlantirish yo‘nalishi bo‘yicha alohida fakultet, kunduzgi va sirtqi o‘qish shaklini ochish, yangi fan joriy qilish va ushbu maqsadlar uchun akademik soatlar ajratish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Biznes va tadbirkorlik oliy maktabida monopol korxonalarning rahbarlari va hokimlar uchun raqobatni rivojlantirish yo‘nalishi bo‘yicha qisqa muddatli o‘quv kurslarini tashkil etib, o‘quv jarayoniga xalqaro moliya tashkilotlaridan ekspert va professor-o‘qituvchilarni jalb qilish vazifasi qo‘yildi.

Raqobat sohasiga oid nizolarning malakali ko‘rib chiqilishini ta’minlash maqsadida Toshkent yuridik universitetida shu yo‘nalish bo‘yicha sudyalar malakasini oshirish, sudyalarni ushbu yo‘nalishda ixtisoslashtirish va alohida sud kollegiyasini tashkil etish muhimligi qayd etildi, deyilgan xabarda.