Amaldagi tartibga ko‘ra, har yili 1-iyundan 31-avgustga qadar O‘zbekistondagi barcha maktablarning 1-sinfiga qabul jarayonlari amalga oshirilgan. Buning uchun ota-onalar to‘g‘ridan to‘g‘ri maktablarga borib hujjatlarni topshirgan. Biroq karantin sharoitida buni amalga oshirish, ya’ni ota-onalarning ta’lim muassasalariga yozgi mavsumda ham kelishlarini ta’minlashda muammo yuzaga keladi. Shu sababli Xalq ta’limi vazirligi bu masalaga oydinlik kiritdi.

Foto: “Daryo”

Qayd etilishicha, Prezident huzurida 2020-yil 30-aprelda o‘tkazilgan 28-sonli yig‘ilish bayoniga muvofiq, respublikada karantin cheklovlari bosqichma-bosqich yumshatilib borilayotganligini inobatga olib hamda pandemiya ta’siri to‘liq bartaraf etilguniga qadar 1-sinfga qabul jarayonlarini iyun oyidan iyul va avgust oyiga ko‘chirish belgilangan. Buning natijasida:

  1. Ota-onalarning maktablarga tashrifini cheklash orqali karantin qoidalariga to‘liq rioya etilishi ta’minlanadi.
  2. Iyun oyida umumta’lim maktablari bitiruvchilarining hujjatlarini rasmiylashtirish bilan oliy o‘quv yurtiga hujjatlarni topshirishga tayyorlaydi.

Shuningdek, 1-sinfga qabul jarayonlari boshlanganidan so‘ng maktab ma’muriyati orqali qo‘shimcha ma’lumot olish mumkinligi bildirildi.

Avvalroq O‘zbekistondagi maktablarda 2020-yil uchun yakuniy imtihonlarni o‘tkazish bekor qilingani, o‘quvchilarning yillik baholarini istisno tariqasida ushbu o‘quv yilining 3 ta chorak baholari asosida chiqarilishi xabar berilgan edi.