Qoraqalpog‘iston Respublikasida 25-may kuni Cobalt ishtirokida yuz bergan yo‘l-transport hodisasida mashina yo‘lovchisi vafot etdi. Bu haqda YHXBB xabar bermoqda.

Foto: YHXBB

Hodisa soat 13:30 larda Xo‘jayli tumani hududidan o‘tgan A-380 G‘uzor–Buxoro–Nukus–Beyneu avtomobil yo‘lining 795-kilometrida yuz bergan. 1976-yilda tug‘ilgan Z.K. ismli erkak Cobalt tezligini me’yoridan oshirgan holda boshqarayotib, rul boshqaruvini yo‘qotgan. Oqibatda mashina yo‘ldan chiqib ketib, o‘ng tomondagi temir suv quvuriga borib urilgan.

YTH oqibatida yo‘lovchi 1932-yilda tug‘ilgan U.Yu. ismli ayol og‘ir tan jarohatlari olib shifoxonada vafot etgan. Haydovchi Z.K. va yana bir yo‘lovchi 1978-yilda tug‘ilgan J.G. ismli ayol tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan.

Foto: YHXBB

Mazkur YTH yuzasidan Xo‘jayli tumani IIB TB tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Haydovchilar boshqaruvni yo‘qotishi oqibatida O‘zbekistonda o‘lim bilan yakunlangan YTHlar tez-tez sodir bo‘lib turadi. 22-may kuni Surxondaryodagi adirlikda traktor jarlikka ag‘darilishi oqibatida haydovchi, 17-may kuni Chiroqchida ayol haydovchi boshqaruvidagi Matiz ag‘darilib ketishi oqibatida yo‘lovchi ayol, 5-may kuni Sirdaryoda Matiz kanalga ag‘darilib ketishi oqibatida haydovchi va ikki yo‘lovchi vafot etgandi.