AQSh milliarderlari boyligi koronavirus pandemiyasining so‘nggi ikki oyi davomida 15 foizga oshdi. Bu haqda Americans for Tax Fairness va Institute for Policy Studies tadqiqot guruhlari natijalarida qayd etilgan.

Foto: EPA

Tadqiqotda Forbes ma’lumotlari asosida 18-martdan 19-maygacha bo‘lgan davrda milliarderlar boyliklaridagi o‘zgarishlar hisobga olingan. Unga ko‘ra, bu davr mobaynida ularning boyligi umumiy hisobda 434 milliard dollarga (2,948 trillion dollardan 3,383 trillion dollarga) oshgan.

Xususan, Amazon asoschisi Jeff Bezos boyligi 30,6 foizga oshib 34,6 milliard dollarga, Microsoft asoschisi Bill Geytsniki 8 milliard dollarga (8,2 foiz), Facebook asoschisi Mark Sukerbergniki 25,3 milliard dollarga (46,2 foiz), Berkshire Hathaway rahbari Uorren Baffett boyligi 524 million dollarga (0,8 foiz), Oracle asoschisi Larri Ellisonning boyligi esa 7 milliard dollarga (11,9 foiz) oshgan.

AQShning Top-30 milliarderlari tarkibiga kiruvchi boylari orasida foiz hisobida (lekin mutlaq raqamlarda emas) ikki oy davomida boyligi eng ko‘p oshgan Menards asoschisi kichik Jon Menar va Ilon Mask (mos ravishda 62,8 foiz va 48 foiz) bo‘ldi.

Bundan tashqari, tadqiqot davomida milliarderlarning soni ham oshgani aniqlangan. Mart oyida ularning soni 614 nafar bo‘lgan bo‘lsa, may oyiga kelib 630 nafarga yetgan.