Hozirda qoni ikkinchi guruhga mansub kishilar boshqalarga nisbatan ko‘proq koronavirus bilan kasallanmoqda. Bu haqda Rossiya federal tibbiy-biologik agentligi rahbari Veronika Skvortsova ma’lum qilgan, deya xabar berdi “TASS”.

Foto: “TASS”

“Xorijdagi manbalarda yozilgan ma’lumot Federal tibbiy-biologik agentlik markazlarida o‘z tasdig‘ini topdi. COVID-19 bilan kasallanganlar orasida qoni II guruhga mansub bo‘lganlar soni ko‘proq. Ikkinchi o‘rinda I va III qon guruhlari turibdi. IV qon guruhi egalari orasida kasallanish holatlari boshqalarga qaraganda ancha kam”, — degan Skvortsova.

Rossiya federal tibbiy-biologik agentligi rahbari ushbu holat qon guruhlarining tarqalish soniga bog‘liqligini ta’kidlagan. Ikkinchi guruh butun dunyoda eng ko‘p tarqalgan guruhlardan biri.

Dunyoda eng ko‘p uchraydigan guruh I hisoblanadi — yer yuzi aholisining 45 foizi, II guruh ko‘proq yevropaliklarda uchraydi — dunyo bo‘yicha aholining 35 foizi, III guruh — 13 foiz, eng kam uchraydigan IV guruh esa 7 foiz.

Avval Rossiyada xizmat ko‘rsatgan shifokor Vladimir Krugliy ham koronavirus bilan kasallanganlar orasida qoni ikkinchi guruhga mansub bemorlar ko‘pligini ma’lum qilgandi. U Xitoydagi kasallanish bo‘yicha ma’lumotlarga tayanib, u yerda 30 foiz bemorlarning qoni II guruhga mansubligini qayd etgan.

Mart oyida Xitoy olimlari kasallanganlarning qon guruhlari bo‘yicha tahlilini e’lon qilgan va ushbu ma’lumotlar Uxan hamda Shinjondagi bemorlar misolida taqdim etilgan. Tadqiqot natijalari bo‘yicha COVID-19’ga chalinish holatlari, asosan, ikkinchi guruh vakillarida uchragan, birinchi guruh vakillarida esa kasallanish holatlari boshqalarga nisbatan kamroq kuzatilgan.