COVID-19 koronavirusini yuqtirish bilan kechadigan kasallik vaqt o‘tgan sari yo‘qolib ketmay insoniyat har kuni to‘qnash kelishi mumkin bo‘lgan yana bir kasallikka aylanishi mumkin. Bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining favqulodda vaziyatlar dasturi rahbari Mayk Rayanning so‘zlariga asoslanib, “Korrespondent.net” xabar berdi.
“Ushbu virus insoniyat har kuni duch kelishi mumkin bo‘lgan virusga aylanib, qolib ketishi mumkin. Masalan, OIV bizni tark etmadi”, — deydi Rayan.
“Men bu ikkala kasallikni taqqoslamayapman. Biroq o‘ylashimcha, vaziyatga real baho berish kerak. Bu kasallik yo‘q bo‘ladi, qachon yo‘q bo‘ladi, degan savollarga hech kim javob bera olmaydi”, — deydi so‘zlarini davom ettirgan Rayan.
Uning so‘zlariga ko‘ra vaksina yaratilishi insoniyatga umid baxsh etadi. Biroq bunda vaksinani hamma insonlar sotib olishi mumkin bo‘lishi va uning samaradorligi kabi shartlar bajarilishi kerak.
O‘z navbatida JSSTning yana bir vakili Mariya Van Kerkxovening aytishicha, qiyinchiliklarga qaramasdan “kasallik yanada keng tarqalishining oldini olish o‘z qo‘limizda”.
“Bir nechta davlatlar kasallik tarqalishini nazorat ostiga olishga muvaffaq bo‘ldi”, — deydi Mariya.
Izoh (0)