Ijtimoiy tarmoqlarda Sardoba suv ombori to‘g‘onining yorilishi oqibatida yuzaga kelgan suv toshqini vaqtida uy ichida qolib ketgan ayolning qutqarilishi tasvirlangan video paydo bo‘ldi.

Foto: “Davyergeodezkadastr” qo‘mitasi axborot xizmati

Videodan ko‘rish mumkinki, ikki nafar Milliy gvardiya harbiy xizmatchisi suv toshqini vaqtida panaroq joyga yashirinishga muvaffaq bo‘lgan ayolning ehtiyotkorlik bilan tashqariga chiqishiga ko‘maklashgan. Voqea falokatning ertasi kuni, ya’ni 2-may kuni sodir bo‘lgani aytilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 1-may kuni soat 05:55 da Sirdaryo viloyatida joylashgan Sardoba suv ombori dambasining 6-piket devorida suv chiqishi yuzaga kelgandi. Oqibatda Sardoba tumani Qo‘rg‘ontepa aholi yashash punktiga suv kirgan.

Favqulodda vaziyat tufayli Sardoba, Oqoltin, Mirzaobod tumanlaridagi 24 ta mahalladan 90 mingga yaqin fuqaro zudlik bilan xavfsiz hududga evakuatsiya qilingan, hodisa oqibatida kamida 56 kishi turli darajada tan jarohati olgan, toshqin zonasida qolib ketgan yuzlab odamlar qutqarilgan, shuningdek, 4 nafar fuqaroning tabiiy ofat oqibatida halok bo‘lgani, 1 nafari bedarak yo‘qolgani aniqlandi.

Falokatda salkam 6 mingta turar joyga zarar yetgan. To‘g‘onning yorilishi yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.