Sirdaryo viloyatidagi Sardoba suv omborida sodir bo‘lgan favqulodda vaziyat tufayli Sardoba, Oqoltin, Mirzaobod tumanlaridagi 24 ta mahalladan 90 mingga yaqin fuqaro zudlik bilan xavfsiz hududga evakuatsiya qilingan. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev 5-may, seshanba kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qildi.
Ularning barchasiga birinchi darajali zarur sharoitlar yaratilib, oziq-ovqat, kiyim-kechak va boshqa mahsulotlar yetkazilmoqda. Suv toshishi oqibatlarini bartaraf etish va sabablarini o‘rganish bo‘yicha Hukumat komissiyasi ishlamoqda.
“Zarar yetgan uy-joylarni tiklash va ta’mirlash, odamlarni o‘zining tiklangan uyiga qaytarish va ro‘zg‘origa yordam berish, infratuzilmani tiklash, aholi salomatligini himoya qilish bo‘yicha barcha masalalar hal qilinmaguncha Sirdaryoga biriktirilgan har bir rahbar kuchaytirilgan safarbarlik rejimida ishlaydi”, — dedi Prezident.
“Bu hududlardagi odamlarning hayotini nafaqat oldingi holatiga qaytarish, balki uni yanada yaxshilash kerak. Ularga yangi uy-joylar, ijtimoiy obyektlar barpo etib, yangi ish o‘rinlari yaratib berishimiz shart, deb hisoblayman”, — deya qo‘shimcha qildi davlat rahbari.
Qayd etishlaricha, bugungi kunda qator mahallalarda keng qamrovli tozalash-tiklash ishlari amalga oshirilyapti, natijada 53 mingdan ziyod aholi o‘z uylariga qaytishi yoki yaqin qarindoshlari uyiga ko‘chib o‘tishi ta’minlangan.
“Takror aytaman, davlatimiz, jamiyatimiz hech kimni bunday kutilmagan falokatlar qarshisida yolg‘iz va e’tiborsiz qoldirmaydi”, — dedi Prezident.
Mavzuga doir:
- “Sardoba falokatining barcha aybdorlari, kim bo‘lishidan qat’i nazar, javob beradi” — Shavkat Mirziyoyev
- Shavkat Mirziyoyev: Jabr ko‘rganlarga yordam ko‘rsatayotgan bag‘rikeng, saxovatpesha va hamdard xalqimizga minnatdorchiligimni izhor etaman
- Sardobadagi falokatda 4 kishi halok bo‘lgan, 1 kishi bedarak yo‘qolgan