Twitter o‘z xodimlariga koronavirus pandemiyasi yakunlanganidan keyin ham masofadan turib ishlash rejimidan voz kechmaslikka va doimo shu tartibda ishlashga ruxsat berdi. Bu haqda kompaniya rahbari Jek Dorsining bayonotiga tayanib, CBS News xabar berdi.

Foto: AP Photo

“So‘nggi bir necha oy biz bu kabi rejimda ham ishimizni uddalay olishimizni ko‘rsatdi. Shu sababli xodimlarimizning vaziyati ularga uydan turib ishlash imkonini bersa, biz bunga ruxsat beramiz”, — deydi Dorsi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Twitter ofislari xodimlar uchun sentabrdan oldin ochilmaydi. Biroq bu amalga oshgan taqdirda ham avvalgi ish rejimiga qaytish bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Ko‘plab xizmat safarlari qayta tiklanmaydi va 2020-yilning oxiriga qadar hech qanday korporativ tadbirlar o‘tkazilmaydi.

Avvalroq Google va Facebook o‘z xodimlariga yil oxiriga qadar masofadan turib ishlashi mumkinligi haqida xabar berilgandi.

Ma’lumot uchun Google koronavirus tufayli o‘z xodimlariga uydan ishlashni tavsiya qilgan, Apple rahbari ham ishchilarga uydan ishlashga ruxsat bergan, Yaponiyada esa davlat idoralariga xodimlarini uy sharoitida ishlashga o‘tkazish buyurilgan.