O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova Instagram sahifasi orqali videomurojaat yo‘llab, jahl ustida aytgan so‘zlari uchun hammadan kechirim so‘radi.

“Mening achchig‘im kelgan paytlar bo‘ldi, achchiq ustida o‘ylamay gapirgan gaplarim bo‘ldi. Ro‘za-yu Ramazon kunlarida hammadan uzr so‘ramoqchiman. Ulug‘ ayyom kunlarida mendan dilinglar og‘rimasin. Hamma jonini jabborga berib ishlayotgan harbiylardan uzr so‘rayman. Hech qaysi davlatda xalq bilan davlat bunaqa birlashmagan. Xavotir, xalqning mulki omonat bo‘lgani uchun hammasi bir bo‘lib, bitta portladi. Yana bir bor aytaman, mehnat qilayotganlardan men uzrimni so‘rayman. Jonini jabborga bergan odamlarning ota-onasidan ham uzr so‘rayman. Vatanga kelgan og‘ir kunlarda xalqimiz bilan yelkama-yelka xizmatni qilaylik. Shu balolardan chiqib olaylik, vaqt o‘tib, vaqt hammasini o‘z o‘rniga qo‘yadi. Xato qilganimni bo‘ynimga olaman. Xafa bo‘lmanglar ulug‘ ayyom kunlarida. Hammamiz bir yoqadan bosh chiqaramiz, xafagarchilikni unutamiz, degan umiddaman”, — deydi Yulduz Usmonova.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova Instagram’da jonli efirga chiqib, ichki ishlar xodimlarini haqoratlaganidan so‘ng, ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilarining tanqidlari ostida qoldi.

Toshkent shahar IIBB xonandaning qilmishi yuzasidan surishtiruv boshlanganini bildirdi. Yulduz Usmonova esa “hech narsadan xavotir olmayotgani, hamma narsa Ollohdan ekani”ni aytdi. Keyinroq xonandaning ishi sudga oshirilgani, biroq xonanda sud majlisiga kelmagani xabar qilindi.

Oliy sud esa ish bo‘yicha hujjatlar sudga kelib tushmaganini ma’lum qildi.