42 yoshli amerikalik Richard Makguayr karantinni Florida shtatidagi tashlandiq Disney ko‘ngilochar bog‘ida o‘tkazmoqchi bo‘ldi, deb yozadi Esquire.
Politsiyachilar erkakka ovoz kuchaytirgich yordamida bog‘ hududida bo‘lish taqiqlanganini e’lon qilgan. Biroq u javob bermagan.
Keyinroq u politsiyachilarni eshitmagani, bog‘ anchadan beri yopiqligi haqida bilmagani hamda karantin vaqtida ushbu “tropik jannat”da yashab turishni rejalashtirganini aytgan. Biroq shtat ma’muriyati bog‘ning har qadamida begonalarga bu yerga kirish taqiqlangani yozib qo‘yilganini aytgan.
Makguayrni bog‘ hududiga noqonuniy kirganlikda ayblab hibsga olishdi.
Keyinroq nomi Discovery deb o‘zgartirilgan ushbu bog‘da hayvonot bog‘i bo‘lgan, 1999-yilda esa bog‘ni noma’lum sabablarga ko‘ra yopishgan. Bog‘ hali ham qo‘riqlanadigan hudud hisoblanadi.