O‘zbekistonda koronavirusga chalingan oxirgi bemor shifoxonadan chiqib ketganidan keyin 14 kun davomida yangi bemorlar ro‘yxatga olinmasa, xotirjam bo‘lish mumkin. Bu haqda 29-aprel kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i Nurmat Otabekov aytib o‘tdi.

Foto: “Daryo”

“Koronavirus kasalligining respublikamizda qayd etilishi kamayib borayotgani yurtimizda pandemiya tamom, tugayapdi degani emas” — deydi Nurmat Otabekov.

“Vaziyat birmuncha yumshayatgan bo‘lsa-da, hali 1000 dan ortiq bemorlar davolanishni davom ettirmoqda. 85 mingdan ko‘proq fuqarolar karantinda bo‘lib turishibdi. Mutaxassislarning fikricha bitta koronavirusga chalingan odam e’tiborsiz qolib ketsa va odamlar orasida yursa bir oyda 406 ta odamga kasallikni yuqtirishi mumkin ekan. Oxirgi bemor shifoxonadan chiqib ketganidan keyin 14 kun davomida yangi bemorlar ro‘yxatga olinmasa, o‘shanda biz xotirjam bo‘lsak bo‘ladi”, — dedi davlat inspeksiyasi boshlig‘i.

Uning qo‘shimcha qilishicha, ijobiy natijalarning borligi (bir kunda ro‘yxatga olingan bemorlardan, kasallikdan sog‘ayib reabilitatsiya markazlariga o‘tkazilayotgan fuqarolarning ortib borayotganligi) bizni quvontiradi hamda yaxshi epidemik barqaror kunlarga tezroq yetib borishga umid uyg‘otadi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 29-aprel soat 15:30 holatiga ko‘ra, koronavirus infeksiyasini yuqtirib olganlar soni 1969 nafarga yetdi. Kasallikdan 1005 ta kishi sog‘aygan.  O‘zbekistonda 15-martdan buyon koronavirusga chalingan bemorlarning sakkiz nafari vafot etgan.