Boks super og‘ir vazn toifasining WBA Super, WBO, IBF yo‘nalishlari bo‘yicha Jahon chempioni Entoni Joshua WBC kamari sohibi Tayson Fyurini jangga chorladi.

Foto: Twitter

“Agar sen o‘zingni eng yaxshi deb bilsang — men bilan jang qil. Menda kamarlar bor, shunday ekan bu jang ahamiyat kasb etadi. O‘rtamizdagi jang super og‘ir vazn toifasidagi eng kuchli bokschini aniqlab beradi.

Mantiqan o‘ylab ko‘ring, eng kuchlini faqat bitta yo‘l bilan aniqlash mumkin — men Tayson Fyuri bilan jang qilishim kerak, u esa Entoni Joshuaga qarshi ringga ko‘tarilishi lozim”, — deydi britaniyalik bokschi.

Eslatib o‘tamiz, Fyuri navbatdagi jangni 3-oktabr kuni Deontey Uaylderga qarshi o‘tkazadi. Bokschilar ketma-ket uchinchi jangda o‘zaro bahsga kirishadi.

Joshua esa 25-iyulda bolgariyalik Kubrat Pulevga qarshi ringga chiqadi.