Boks bo‘yicha og‘ir vazn toifasida WBC kamari sohibi Tayson Fyuri Deontey Uaylder uchinchi jangga pul tufayli rozi bo‘lganini ta’kidladi.

Foto: The Sun

“Ha, u uchinchi jangni o‘tkazishga rozi bo‘lganini eshitib ajablandim, chunki ikkinchi jang bir tomonning ustunligida o‘tdi. U ikkinchi jangda bir soniyani ham o‘z foydasiga hal qila olmadi. Uaylder 34 yoshga kirdi, bunday katta ustunlikdan keyin u yana qancha jang o‘tkaza oladi?

Uning sharoiti qanday ekanini bilmayman, biroq amerikalik jangchi va sportchilardan kelib chiqib aytsam, ular rok-yulduzlaridek hayot kechiradi, garchi rok-yulduzi bo‘lmasa ham. Ular tezda katta pullarni sarflab yuboradi. Shunday ekan ishonchim komil, bu moliyaviy jihatdan o‘ziga jalb etadigan taklif. O‘ylashimcha, u aynan pul tufayli uchinchi jangni o‘tkazishga rozi bo‘ldi”, — deydi Fyuri.

Eslatib o‘tamiz, mazkur bokschilar o‘rtasidagi 2018-yilda o‘tkazilgan ilk jang durang bilan yakun topgandi. 2020-yilning 22-fevralida bo‘lib o‘tgan ikkinchi to‘qnashuvda Fyuri amerikalik bokschini texnik nokautga uchratgan va Uaylderdan WBC chempionlik kamarini tortib olgandi.

Uchinchi jang 3-oktabr kuni o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda. Jangdan tushgan gonorarning 60 foiziga Fyuri egalik qiladi, qolgan 40 foizi esa Uayldrga tegishli bo‘ladi.