O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti Yodgor Sa’diyev “Daryo” internet-nashriga eksklyuziv intervyu berdi. Intervyuni jurnalist Feruz Muhammad tashkillashtirdi.

Foto: “Daryo”

Suhbat davomida Yodgor Sa’diyev “Shaytanat” serialidagi Asadbekdan unga qaysi odatlar o‘tganligi haqida gapirib berdi.

Rol o‘ynashni men hech kimdan olgan emasman, men Tohir Malikni so‘zlarini gapirganman. Ko‘pincha menga ‘sen haligacha Asadbekka o‘xshab yurasan-a?’, deyishadi. Men o‘zi shunaqa yuraman, qarashim, gapirishim, yurishim ham hayotda qanday bo‘lsa, filmda ham shuni ko‘rsatganman.

Faqat bir narsani ushlaganman, ya’ni ko‘proq ko‘z bilan o‘ynab, sukutni ushlab turishni oldimga maqsad qilib qo‘ygandim. Nimaga uni ‘O‘q ilon’ deyishgan, chunki u bir narsaga qo‘l urmoqchi bo‘lsa, tez xulosa qiladi va shiddat bilan u ishni bajaradi.

Og‘aynilarim ham ‘Asadbekni yurishi senga yopishib qolgan’, deyishganida, ‘sizlar serialni 20 qismini ko‘rib, mening yurishimga e’tibor beryapsizlar, aslida ham men shunday yurardim’, deyman.

Asadbek Yodgor Sa’diyevni keskinlikda o‘zgartirgan bo‘lishi mumkin.

Menga Asadbekning yo‘tali o‘rnashib qolgan. Serialda yo‘talga tayyorgarlik ko‘rganimda o‘zimni zo‘rlab ko‘p yo‘talganman va bu narsa o‘tirib qolgan edi. Bu yo‘talish 2-2,5 yilcha davom etgan. Asadbekdan Yodgor Sa’diyevga o‘tgan narsa — bu yo‘tal.

Boshqa hamma narsa Tohir Malikdan o‘tgan, uning yozgani bo‘yicha ijro qilingan.

Yodgor Sa’diyev, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti

Ma’lumot uchun, “Shaytanat” seriali 20 yillik “zapret”dan so‘ng, ilk bor Zo‘r TV telekanalida namoyish etilmoqda.