Futbol bo‘yicha Germaniya chempionati va ikkinchi divizionning bir nechta klubi koronavirus tufayli bankrotga uchrash xavfi ostida turibdi.
Kicker nashrining xabar qilishicha, hozirga kelib 12 ta klub telehuquqlardan keladigan puldan voz kechdi, sababi ular to‘lov bo‘yicha majburiyatlarni bajara olmaydi.
Bankrotlik yoqasida turgan klublar haqida ma’lumot 31-mart kuni Nemis futbol ligasi o‘tkazgan videokonferensiya paytida ma’lum qilingan.
Ma’lum bo‘lishicha, mavsum may oyi oxirigacha qayta tiklanmaydigan bo‘lsa Bundesliganing bitta klubi bankrotga uchraydi. Oliy diviziondagi yana uchta klub iyun oyida kasotga uchrashi mumkin.
Ikkinchi Bundesligada may oyida yettita jamoa bankrotga uchrash arafasida turibdi. Vaziyat o‘zgarmasa yana ikkita klub iyunda bankrotlik e’lon qilishi kutilmoqda. Aynan qaysi klublar bu vaziyatda qolgani ochiqlanmagan.
Hozirda 12 ta klub televizion huquqlardan keladigan pulga ishonib kredit olgan. Agar chempionat bahslari may oyi boshlarida tiklanmaydigan bo‘lsa, bankrotlik holatlaridan qochib bo‘lmaydi.
Eslatib o‘tamiz, Bundesliga bahslari mart oyining o‘rtasida koronavirus sabab to‘xtab qolgandi.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @daryo_sport’ga obuna bo‘ling!