29-mart kuni ijtimoiy tarmoqlarda karantin davrida o‘tkazilgani aytilgan to‘y marosimidan lavhalar tarqaldi. Xonadon ichida o‘tkazilgan to‘yda yuziga niqob taqqan, qo‘liga bir martalik qo‘lqop kiygan xonanda Mavluda Asalxo‘jayevaning qo‘shiq kuylayotani aks etgan.

Foto: Instagram / @mavludauz

Xonanda ushbu video yuzasidan Instagram’dagi sahifasi orqali tushuntirish berib, u videodagi to‘yga O‘zbekistonda to‘y marosimlarini o‘tkazishga qo‘yilgan taqiq kuchga kirishidan oldin borganini ma’lum qildi.

“Men bu to‘yga 22-mart kuni borganman. Kunduzi soat uchlarda. Kelin-kuyovni ham ko‘rganim yo‘q, chunki uyga kirganimda besh—oltita xotinlar bor edi. Shularga besh-oltita qo‘shiq aytib ketganman. Nima uchun shuncha paytdan keyin karantin paytida bu videoni chiqarishdi? Qaysi inson chiqardi, ularga nima kerakligiga hayronman? Xalqimizning og‘ir kunida, karantin paytida shu narsani chiqarish kerakmi? Men hech qachon hukumatimizning aytganidan chiqmaganman. Men butun umr nima to‘g‘ri keladigan bo‘lsa, shuni qilib kelgan odamman. Mendan xafa bo‘lmanglar, men shu videoni chiqargan odamdan xafaman”, — deydi Mavluda Asalxo‘jayeva.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish maqsadida 23-martdan boshlab to‘y-marosimlarning o‘tkazilishi bekor qilingan edi. 27-martdan boshlab esa zaruratsiz ko‘chaga chiqish, ko‘chada va jamoat joylarida uch kishidan ortiq bo‘lib to‘planish taqiqlangan edi. Fuqarolar o‘zaro muloqot chog‘ida ikki metr masofa saqlashi shartligi belgilangan edi.

28-mart kuni Toshkentning Yunusobod tumanida kuyov-navkar marosimi o‘tkazilgani, shundan so‘ng marosimning barcha ishtirokchilari IIBga olib borilgani, holat yuzasidan surishtiruv boshlangani xabar qilingan edi. Marosim tashkilotchisi to‘yni o‘tkazmaslik haqida bir kun avval ogohlantirilganini tan olgan. Shunga o‘xshash holat 27-mart kuni Chilonzorda ham kuzatilgan.