Koronavirus pandemiyasi tufayli yuzaga kelgan karantin davrida notarius va fuqarolik holatlari dalolatnomalarini qayd etish davlat xizmatlariga zarurat bo‘lmasa, murojaat etmaslik tavsiya qilinmoqda.

Foto: “Daryo”

Adliya vazirligi matbuot kotibi Sevara O‘rinboyeva karantin davrida vasiyatnomani rasmiylashtirish notarial xizmatidan tashqari boshqa notarial va FHDYo davlat xizmatlariga zaruratsiz murojaat etmaslikni tavsiya etdi. Bu haqda “Kun.uz” xabar qilgan.

“25-martdan boshlab nafaqat Adliya vazirligi, balki uning tizimidagi idoralar ham mamlakatimizda kuzatilayotgan karantin tartibi tufayli boshqacha ishlashga o‘tgan. Bunda fuqarolardan uyda bo‘lishi va karantin holati bilan bog‘liq tartiblarga rioya qilishini so‘ragan holda, FHDYo, notarius va davlat xizmatlari markazlariga onlayn murojaat etishi ko‘rsatildi. Kechiktirib bo‘lmaydigan holatlar yuzaga kelganda, avvaldan avtomatlashtirilgan ‘e-notarius.uz’ saytida ro‘yxatdan o‘tib, hujjatlarning elektron nusxasini yuborish kerak”, — deydi Sevara O‘rinboyeva.

Fuqarolar kechiktirib bo‘lmaydigan holat sifatida vasiyatnomaga bog‘liq masalalar bo‘yicha notariusga murojaat qilish mumkin. Boshqa xizmatlar bo‘yicha zarurat sezilmasa, notariusdan telefon orqali ma’lumot olish imkoniyati mavjud.

O‘zbekistonda karantin sabab “ZAGSdan o‘tish” vaqtincha to‘xtatilgan. Notariuslar, DXM va FHDYo idoralari esa 25-martdan onlayn ish rejimiga o‘tgan.