Xonanda Munisa Rizayeva karantin paytida jamoat joyida bo‘lish qoidasini buzib, niqobsiz yurgani uchun javobgarlikka tortildi. Bu haqda O‘zbekiston madaniyat vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: Madaniyat vazirligi matbuot xizmati

Munisa Rizayeva 26-mart kuni Instagram’dagi sahifasiga qurilish kompaniyasi sotuv ofisiga borib, ofis xodimlari bilan niqob taqmasdan muloqotda bo‘lgani aks etgan videoni joylashtirgan. U niqobsiz yurganini alohida, katta harflar bilan yozib qoldirgan. Bu holat keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari “Niqob taqish majburiyati hammaga emasmi, xonandalar niqobsiz yurishi mumkinmi?” qabilidagi savollarni yozib qoldirgan edi.

“Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashishda davlat rahbari va hukumat tomonidan ishlab chiqilayotgan zaruriy choralar O‘zbekistondagi barcha fuqarolarga tegishli ekanligini ta’kidladi.

O‘z navbatida Munisa Rizayeva bu holat yuzasidan izoh berib, qayta takrorlanmasligiga va’da berdi”, — deyiladi vazirlik xabarida.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Prezidenti tomonidan 2020-yil 26-martda imzolangan qonunga asosan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Ushbu kodeksning 54-moddasiga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishi hamda tarqalishi sharoitida vakolatli organning maxsus talablariga zid ravishda jamoat joylarida niqobsiz bo‘lish bazaviy hisoblash miqdorining besh baravarigacha (27-mart holatiga, 1 115 000 so‘m) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.