Bosh prokuratura matbuot xizmati 2020-yil 23-mart kuni Bo‘zsuv kanaliga qurilish chiqindilarini tashlagan fuqarolarning ma’muriy jazoga tortilgani haqida xabar qildi.

Foto: Bosh prokuratura matbuot xizmati

Xabarga ko‘ra, haydovchi F.M. Yunusobod tumani “Oqtepa” mahallasidagi Bo‘zsuv ko‘chasida yashovchi U.A.ning iltimosi bo‘yicha Bo‘zsuv kanali qirg‘og‘iga tutashgan orqa tomonini kengaytirish va bog‘ tashkil qilishi uchun kanal qirg‘oqlarini qurilish chiqindilari bilan to‘ldirgan.

Foto: Bosh prokuratura matbuot xizmati

U o‘z boshqaruvidagi HOWO rusumli yuk mashinasi hamda sherigi M.X.ning “ZIL” rusumli yuk mashinasida qurilish chiqindilarini olib kelib, Bo‘zsuv kanali qirg‘oqlariga to‘kkan va suvni ifloslantirgan.

Foto: Bosh prokuratura matbuot xizmati

Foto: Bosh prokuratura matbuot xizmati

Mazkur holat yuzasidan fuqaro U.A., F.M. va M.X.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 72-moddasi (Suv zaxiralarini muhofaza qilish qoidalarini buzish) va 91-moddasi (Sanoat chiqindilarini, maishiy chiqindilarni va boshqa chiqindilarni to‘plash, tashish, joylashtirish, zararsizlantirish, saqlash, utilizatsiya qilish, qayta ishlash, realizatsiya qilish chog‘ida tabiatni muhofaza qilish talablarini buzish) bilan ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atilib, har biriga bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravari, ya’ni 1 million 115 ming so‘mdan jami 3 million 345 ming so‘m miqdorida jarima tayinlangan.

Shu bilan birga, huquqbuzarlar tomonidan sodir etilgan huquqbuzarlik oqibati bartaraf etilib, Bo‘zsuv kanali qirg‘og‘i chiqindilardan tozalangan.

Bosh prokuratura atrof-muhit muhofazasi, ayniqsa, suvni ifloslantirishga qaratilgan harakatlarning oldini olishda barcha yurtdoshlarimiz mas’ul ekanini eslatib, bu borada barchani ogohlikka chiqaradi. Aks holda, bunday xatti-harakatlar jinoiy javobgarlikkacha bo‘lgan huquqiy choralar qo‘llashga sabab bo‘lishi mumkin, deyiladi xabarda.