O‘zbekistonda koronavirus ta’siri eng yuqori bo‘lgan iqtisodiyot tarmoqlariga soliq ta’tillari va kredit qarzlari bo‘yicha imtiyozlar berish, budjet ssudalari ajratish yuzasidan vazifalar belgilandi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 19-mart, payshanba kuni, bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Qayd etilishicha, mehmonxona biznesida 90 milliard so‘mlik, transport-logistika sohasida 650 milliard so‘mlik, umumiy ovqatlanish muassasalarida 180 milliard so‘mlik, tashqi savdo korxonalarida 3,6 trillion so‘mlik kreditlarni qaytarish imkoniyati pasaymoqda. Turistik firma va mehmonxonalar har bir sayyoh uchun kuniga 2-3 dollardan turizm yig‘imi to‘lab kelmoqda.

Shu bois ushbu korxonalarning kredit muddatlarini uzaytirish, turistik yig‘imlar undirishni vaqtincha to‘xtatish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Hokimlarga iqtisodiy qiyinchilikka duch kelgan korxonalardan mahalliy soliqlarni undirishni 6 oygacha kechiktirish vakolati beriladi.

Shuningdek, yakka tartibdagi tadbirkorlarning daromad solig‘i, fermerlarning suv solig‘i 50 foizga kamaytiriladi. Bunda mahalliy budjetdagi yo‘qotishlar respublika budjetidan qoplab beriladi.

Yil yakuniga qadar soliq tekshiruvlariga moratoriy e’lon qilinadi va qiynalgan korxonalarga soliq qarzlari uchun penya hisoblash to‘xtatiladi. Bunday qiyin sharoitda tadbirkorni birorta tekshiruvchi bezovta qilmaydi.

Xalqaro savdodagi vaziyatni inobatga olib, eksport-import bo‘yicha kechiktirilgan qarzdorlikka jarima qo‘llamaslik, “yashil yo‘lak”lardan mahsulot o‘tkazishni ko‘paytirish, yuk tashishda yuzaga kelayotgan masalalarni operativ hal etib borish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

“Hozirgi holatda ba’zi korxonalarning soliq tushadigan bazasi kamayishi tabiiy. Lekin bu kamomad nima hisobidan qoplanishi bo‘yicha mutasaddilarda kundalik tahlil va so‘rov bo‘lishi shart”, — dedi Prezident.

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev 18-mart, chorshanba kuni, bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida koronavirus bo‘yicha xalqqa murojaat qilgandi. Shuningdek, davlat rahbari mazkur pandemiyaning iqtisodiyotga salbiy ta’sirlarini kamaytirish maqsadida zarar ko‘rishi mumkin bo‘lgan sohalardagi kompaniyalarga soliq ta’tillari berilishi rejalashtirilayotganini ma’lum qilgan edi.

O‘zbekistonga koronavirus kirib kelishidan oldin Vazirlar Mahkamasida koronavirusning turizmga ta’siri muhokama qilingan edi. Keyinroq turoperatorlar koronavirus tufayli O‘zbekistonda soliq ta’tili e’lon qilishni taklif qilgan. Mamlakatda koronavirus qayd etilgani sababli ichki sayohatlar va ommaviy tadbirlar vaqtincha to‘xtatildi.

Shuningdek, O‘zbekiston Markaziy banki tijorat banklariga kredit olgan tadbirkorlarga koronavirus sabab imtiyoz davri berishni tavsiya qildi.

Shavkat Mirziyoyev avvalroq ham koronavirusning iqtisodiyotga ta’sir qilishi mumkinligi haqida gapirgan edi.