Rur universiteti, Maks Plank nomidagi Xavfsizlik va maxfiylik instituti va Jorj Vashington universiteti mutaxassislari oltita raqamli PIN-kodlarning xavfsizlik darajasi to‘rt xonali sondan iborat kodlarga nisbatan pastroq ekanini aniqladi, deb xabar bermoqda Spot.

Foto: iStock

To‘rt xonali kodlar 10 mingta, oltita raqamli kodlar esa 1 million kombinatsiyani tashkil etsa-da, aksariyat foydalanuvchilar buzib o‘tish oson bo‘lgan oddiy, sodda raqamli kombinatsiyalardan foydalanadi.

“Odamlar oltita raqamli PIN-kodning xavfsizlik darajasini pasaytirib qo‘yayotganliklarini, aftidan, o‘zlari ham tushunishmayapti”, — deydi tadqiqotchi Markus Dyurmut.

Tadqiqotchilarning qayd etishicha, to‘rt va olti raqamli kodlarning xavfsizlik darajasi parollarnikidan ko‘ra past bo‘lsa-da, ular grafik kalitdan ko‘ra yaxshiroq himoya qiladi.

Quyida, uzunligidan qat’i nazar, smartfonga qo‘yilmasligi kerak bo‘lgan PIN-kod kombinatsiyalari keltirilgan.

Xavfli to‘rtta raqamli PIN-kodlar:

  • 1234
  • 0000
  • 2580
  • 1111
  • 5555
  • 5683
  • 0852
  • 2222
  • 1212
  • 1998

Xavfli oltita raqamli PIN-kodlar:

  • 123456
  • 654321
  • 111111
  • 000000
  • 123123
  • 666666
  • 121212
  • 112233
  • 789456
  • 159753